Eronda zaharlangan qizlar ortidan 100 dan ortiq kishi hibsga olindi

Olam

image

Eronda o‘quvchi qizlarning zaharlanishiga aloqadorlikda gumon qilingan 100 dan ortiq kishi qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib, IRNA agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘lga olinganlar orasida aholi va talabalarni dahshatga solish, maktablarni yopish hamda Eronga nisbatan shubha uyg‘otmoqchi bo‘lgan g‘araz niyatli odamlar bor.

Mamlakat oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy talabalarning zaharlanishi muammosiga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirgan. U sodir bo‘lgan voqea kechirilmas jinoyat ekanini va aybdorlar qattiq jazolanishi kerakligini ta’kidlagan.

Rasmiylarning fikricha, o‘quvchi qizlar qandaydir zaharli moddadan zaharlangan. Hujumda “Tehron dushmanlari” ayblanmoqda.

Ma’lumot uchun, Eronda bunday holat 2014 yilda ham sodir bo‘lgan. O‘shanda islomiy kiyinish qoidalarini buzgan ayollarni qo‘rqitish uchun kislotali hujumlar uyushtirilgan. Bundan norozi xalq esa Isfaxonda ko‘chaga chiqqan. 2022 yil sentyabrda Mahsa Amini o‘limidan so‘ng butun mamlakatni qamrab olgan norozilik namoyishlaridan keyin maktablarda gazdan zaharlanish holati kuzatilgani vaziyatni yanada chigallashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, Eronda noyabr oyidan beri minglab o‘quvchi qizlar gazdan zaharlangani aytilgandi. Eron Sog‘liqni saqlash vaziri so‘nggi oylarda turli maktablarda o‘qiyotgan qizlar zaharli hujumga uchraganini tasdiqlagan. Ba’zi siyosatchilar esa holat qizlarning ta’lim olishiga qarshi bo‘lgan diniy guruhlar tomonidan uyushtirilganini taxmin qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Eron zaharlanish o'quvchi qizlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing