Eronda valyuta denominatsiyalanadi
Olam
−
22 noyabr 7470 2 daqiqa
Bugun, 22 noyabr kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon milliy valyutani denominatsiyalash haqida farmon chiqardi. Bu haqda Prezident ma’muriyati xabar beradi.
“Eron Islom Respublikasi Konstitutsiyasining 123-moddasini amalga oshirish maqsadida Mas’ud Pezeshkiyon Markaziy bankni “Markaziy bank to‘g‘risidagi qonun”ning 58-moddasi (milliy valyutaning denominatsiyasini nazarda tutuvchi) bandiga kiritilgan o‘zgartirish kuchga kirgani haqida xabardor qildi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Avvalroq e’lon qilingan tashabbus matniga ko‘ra, milliy valyuta avvalgidek rial bo‘lib qoladi. Valyuta birligi sifatida xalq orasida keng qo‘llanadigan, biroq rasmiy bo‘lmagan “tuman”ni joriy etish takliflari qo‘llab-quvvatlanmagan. Rial yuz keranga bo‘linadi – bu Eronning XIX asr va XX asrning birinchi choragida muomalada bo‘lgan tarixiy pul birligining nomi. Shu tariqa milliy valyuta to‘rtta nolni yo‘qotadi – 10 ming rial bir rialga tenglashtiriladi. Shuningdek, yangi pul birligi – kiran joriy etiladi, u rialning yuzdan bir qismiga teng bo‘ladi. Denominatsiya haqidagi qonun loyihasi joriy yilning oktyabr oyi boshida Eron parlamenti tomonidan qabul qilingan. 144 deputat “ha” deb ovoz bergan, 108 nafari qarshi chiqqan, yana uchtasi betaraf qolgan.
Rialni denominasiyalash rejasi ilk bor 2019 yilda Eron hukumati tomonidan taklif qilingan va o‘sha vaqtdan beri ko‘plab o‘zgarishlarga uchragan. Parlament tasdiqlagan yangi valyutaga asta-sekin o‘tish jarayoni uch yil davom etadi. Bu davrda eski va yangi namunadagi pullardan foydalanishga ruxsat beriladi. Eron Markaziy banki mazkur qonun ijrosi majburiy kuchga kirganidan keyin ikki yil ichida o‘tish davrini boshlashi shart.
Qayd etish joiz, Eron valyutani mamlakatda inflyatsiya juda yuqoriligi bois denominatsiyalamoqda. Eron Markaziy banki rahbari Muhammad Farzin ma’lumotiga ko‘ra, yillik inflyatsiya darajasi 38,9 foizga yetgan va rial tez sur’atda qadrsizlanmoqda. 2025 yilning sentyabr–oktyabr oylarida rial dollarga nisbatan rekord darajada qadrsizlangan: “qora bozor”da bir dollar taxminan 1,17 million rialga teng bo‘lgan. Bir necha yil avval – 2018 yil may oyida AQSH Eron yadro kelishuvini tark etishidan oldin bir dollar “qora bozor”da 50 ming rial atrofida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mas’ud Pezeshkiyon parlamentga milliy valyutani yangilash, ya’ni keskin qadrsizlanayotgan eron riali o‘rniga tuman valyutasiga o‘tish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etgani haqida xabar berilgan edi.