Eronda o‘lim hukmlari davom etmoqda. Qatl qilinayotganlar orasida bolalar ham bor

Olam

image

Eronda o‘tgan yilning sentyabrida 22 yoshli kurd qizi Mahsa Amini vafotidan so‘ng avj olgan norozilik namoyishlariga aloqador shaxslar sud tomonidan o‘limga hukm qilinishi davom etmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, hozirgacha namoyishlarga aloqador to‘rt yigit qatl etilgan, yana 18 kishi o‘lim jazosiga hukm qilingan. Eron tashqarisida joylashgan Inson huquqlari guruhlari sudlarni o‘ta adolatsiz deb topmoqda. Xususan, Norvegiyada joylashgan Eron inson huquqlari nohukumat tashkiloti sud jarayonlariga jurnalistlar va sudlanuvchining oila a’zolari kirishi taqiqlangani, shuning uchun yopiq eshiklar ortida sodir bo‘layotgan voqealarning yagona oynasi – adliya tomonidan e’lon qilingan kadrlar bo‘layotganidan noroziligini ma’lum qilgan.

Sud hukmi asosida qatl etilganlar orasida 22 yoshli karate chempioni Muhammad Mehdi Karami ham bor. U 3 noyabr kuni Tehron g‘arbidagi Karaj shahrida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari chog‘ida harbiylashtirilgan Basij kuchlari a’zosini o‘ldirishda ayblanib, hibsga olingan. 30 noyabr kuni Inqilobiy sud Mehdi Karami bilan birga qotillikka aloqadorlikda ayblangan yana 16 kishi, jumladan, uchta voyaga yetmagan bolaning ishini ko‘rib chiqishni boshlagan. Manbaga ko‘ra, Karamiga  sudda o‘zini himoya qilish uchun 15 daqiqadan kam vaqt berilgan. 5 dekabrda sud hukmi e’lon qilingan. Unga ko‘ra, Karami va yana to‘rt nafar ayblanuvchi o‘limga hukm qilingan, bolalar va yana sakkiz kishi uzoq muddatga qamalgan. Karami hibsga olinganidan atigi 65 kun o‘tib, 7 yanvarda osib o‘ldirilgan. 

Odatda, sudlanuvchilarning oila a’zolari sukut saqlashlari uchun bosim ostida qolsalarda, Mehdi Karamining otasi Mashaalah Karami mahalliy “Etemad” gazetasiga intervyu bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘limga hukm qilingan kuni o‘g‘li unga yig‘lab qo‘ng‘iroq qilib, sud natijasini aytgan va onasiga aytmasligini so‘ragan. 

Shuningdek,  Mashaallah Karami davlat tomonidan tayinlangan advokat bilan bir necha bor bog‘lanishga uringanini, ammo hech qanday javob bo‘lmaganini aytgan. Keyin u Eronning eng taniqli yuristlaridan biri Muhammad Husayn Ag‘osiyni yollagan. Biroq yuristning mahalliy sudga, keyinchalik Oliy sudga yozgan xatlari ham e’tiborga olinmagan. Oliy sud qarori ustidan shikoyat qilish ham sudya tomonidan rad etilgan.

Karami bilan birga o‘limga hukm qilinganlardan biri 39 yoshli bolalar murabbiyi Sayid Muhammad Husayni edi. Karamidan farqli o‘laroq, Husayni Oliy sud uning o‘lim hukmini tasdiqlaganidan keyin mustaqil advakat olishga muvaffaq bo‘lgan. Advokat Ali Sharifzoda Ardakaniy dekabr oyida u bilan qamoqxonada ko‘rishgan va bu haqda Twitter’dagi sahifasida yozgan.

“U tashrif davomida yig‘lab yubordi. U qiynoqlar, kishanlangan va ko‘zlari bog‘langan holda kaltaklangani, boshiga tepishgani va hushini yo‘qotgani haqida gapirdi. Uning barcha iqrorliklari qiynoqlar ostida olingan va qonuniy kuchga ega emas”, deb yozgan advokat Ardakaniy. 

Advokat Ardakaniy Oliy sud qarori ustidan shikoyat qilish uchun hujjatlarni taqdim etgan va unga 7 yanvar kuni sudga qaytishi aytilgan. Ammo u yerga ketayotib, Husayniyning osilgani ma’lum bo‘lgan. Keyinchalik advokatning o‘zi ham hibsga olingan va garov evaziga ozodlikka chiqarilgan. Manbada aytilishicha, u Husayniy qiynoqqa solingani haqidagi postlari yuzasidan prokurorning shikoyatiga duch kelgan.

Eron Inson huquqlari tashkilotining xabar berishicha, hozirda kamida 109 namoyishchi o‘limga hukm qilinish xavfi ostida. Ular orasida uch nafar voyaga yetmagan shaxs ham bor.  

Eslatib o‘tamiz, oldinroq sobiq Mudofa vaziri o‘rinbosari Alirizo Akbariy ham o‘limga hukm qilingani xabar qilingandi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing