Eronda talabalar yana bosh ko‘tardi

Olam

image

Eron universitetlarida hukumatga qarshi yangi norozilik namoyishlari boshlangan. Bu — o‘tgan oydagi qonli tazyiqlardan so‘ng ilk yirik talabalar chiqishi bo‘lgan. Bu haqda BBC yozdi.

Manba tomonidan tekshirilgan videolarda Tehrondagi Sharif texnologiya universiteti hududida yuzlab talabalar tinch marsh uyushtirgani ko‘rinadi. Ular “Diktatorga o‘lim!” shiori ostida harakatlangan. Bu mamlakat Oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiyga ishora sifatida baholanmoqda. Keyinchalik namoyishchilar va hukumat tarafdorlari o‘rtasida tortishuvlar kuzatilgan.

Poytaxtdagi Shahid Beheshtiy universitetida o‘tirish aksiyasi o‘tkazilgan, Amir Kabir texnologiya universitetida ham hukumatga qarshi shiorlar yangragan. Mashhad shahrida esa talabalar “Ozodlik!” va “Huquqlaring uchun ovoz chiqar!” degan chaqiriqlar bilan chiqish qilgan.

Yanvar fojiasi xotirasi

Talabalar o‘tgan oydagi ommaviy noroziliklarda halok bo‘lgan minglab odamlarni yod etmoqda. AQSHda joylashgan “Human Rights Activists News Agency” ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha namoyishlar chog‘ida kamida 6 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Eron rasmiylari esa 3 mingdan ziyod qurbon bo‘lganini tan olgan, ammo ularning ko‘pchiligi xavfsizlik xodimlari yoki “tartibsizlik ishtirokchilari” bo‘lganini aytgan.

Tashqi bosim va yadroviy muzokaralar

Namoyishlar AQSH bilan munosabatlar yana taranglashgan bir paytga to‘g‘ri kelgan. Vashington Eron yadroviy dasturi yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Prezident Donald Tramp kelishuvga erishilmasa, harbiy choralar ko‘rilishi mumkinligini bildirgan.

Shveysariyada bo‘lib o‘tgan muzokaralar “ilgarilash” sifatida baholangan bo‘lsa-da, Tramp “yaqin 10 kun ichida” vaziyat oydinlashishini aytgan.

Noaniqlik davom etmoqda

Hozircha namoyishchilar orasida hibsga olinganlar bor-yo‘qligi haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Biroq tahlilchilar bu chiqishlar mamlakat ichidagi norozilik kayfiyati so‘nmaganini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Eron muxolifati ichida ham fikrlar ikkiga bo‘lingan: ayrimlar tashqi aralashuvni qo‘llab-quvvatlasa, boshqalar bunga qarshi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda axborot urushi ham avj olgan, har ikki tomon jamoatchilik fikrini o‘z tomoniga og‘dirishga urinmoqda. Eronda vaziyat yana qay darajada keskinlashishi — bu nafaqat ichki siyosiy jarayonlarga, balki xalqaro muzokaralar taqdiriga ham bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Esaltib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning qaysi ob’ektlariga hujum qilish yoki nimalar nishonga olinishiga qaror qilmagani, ammo rejalar haftaning oxirida amalga oshirilishi mumkinligi aytilan edi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Eron Tramp Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing