Eronda prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi 

Olam

image

Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Eron Islom Respublikasi saylov shtabining matbuot kotibi Muhsin Islomiyga tayanib, “Mehr” agentligi xabar berdi.

“28 iyunni Eron tarixida o‘n to‘rtinchi prezidentlik saylovlari kuni deb hisoblash mumkin”, deydi saylov shtabi matbuot kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi nomzodlarni ro‘yxatga olish 28 maydan boshlanishini taklif qilgan. Konstitutsiyani qo‘riqlash kengashi Eronda parlamentdan yuqori organ bo‘lib, u Majlis (parlament) deputatlari tomonidan qabul qilingan qonunlarning konstitutsiyaga muvofiqligini tahlil qilishdan tashqari, saylovga nomzodlarni tasdiqlash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, u yirik davlat lavozimlariga, jumladan, prezidentlikka nomzodlarni ham tasdiqlaydi.

Ma’lumot uchun, kecha, 19 may kuni Eron Prezidentini olib ketayotgan vertolyot Eron shimoli-g‘arbiy qismida qiyin qo‘nishni amalga oshirdi. Eron delegatsiyasi Ozarbayjondan qaytayotgan edi, u yerda Raisiy Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Umuman olganda, Prezident korteji uchta vertolyotdan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi xavfsiz qo‘ngan.

Qidiruv operatsiyasi 12 soatdan ortiq davom etdi. 20 may kuni Eron Qizil yarim oy jamiyati vertolyot qulagan joyni topdi. Raisiy, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmati va boshqa rasmiylar vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Hammasi bo‘lib, bortda kamida sakkiz kishi, jumladan, ikki uchuvchi va bir texnik xodim bo‘lgan.

Vertolyot qulagan joyda qutqaruv ishlari yakunlandi. Qurbonlarning jasadlari Sharqiy Ozarbayjon viloyatining markazi Tabrizga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi


Maqola muallifi

Teglar

Eron prezidentlik saylovlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing