Eronda parlament saylovlari boshlandi
Olam
−
01 mart
2755Bugun, 1 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:00da Eronning barcha viloyatlarida Ekspertlar kengashi va Majlis (bir palatali parlament) a’zolari uchun ovoz berish boshlandi. Bu haqda Eron saylov shtabi xabar berdi.
Ovoz berish 10 soat, mahalliy vaqt bilan 18:00 gacha davom etadi. Biroq Saylov shtabi matbuot kotibi Mohsin Islomiyning ma’lum qilishicha, agar zarurat tug‘ilsa, ovoz berish muddati uzaytirilishi mumkin.
"Bu yil 60 millionga yaqin eronlik ovoz berish huquqiga ega va bu huquqdan foydalanish uchun saylovchi beshta shaxsni tasdiqlovchi hujjatdan birini taqdim etishi kerak", deydi matbuot kotibi.
Jahon bankining 2022 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda 88 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Qayd etilishicha, Ekspertlar kengashiga saylovlar Eronda har 8 yilda bir marta o‘tkaziladi. Joriy yilda Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi (ruhoniylar vakillaridan iborat parlamentdan yuqori organ) har bir nomzodning zarur shartlarga javob berganligini aniqlash maqsadida 500 dan ortiq arizalarni ko‘rib chiqdi va atigi 144 nafar talabgorning saylovda nomzodini qo‘yishiga ruxsat berdi. Majlis uchun saylovda esa 14 912 nafar nomzodga ishtirok etishga ruxsat berildi, bu umumiy arizalar sonining 73 foizini tashkil etdi. Shu tariqa, parlamentdagi bir o‘rin uchun 51 kishi kurash olib boradi.
Saylov xavfsizligini ta’minlash tadbirlariga butun mamlakat bo‘ylab 190 mingga yaqin harbiy xizmatchi va huquq-tartibot idoralari xodimlari jalb qilinadi. Eron Qurolli kuchlari vertolyotlari esa mamlakatning chekka viloyatlaridan saylov qutilarini olib kelishda foydalaniladi. Shuningdek, milliy xavfsizlikni ta’minlovchi barcha xizmatlar, jumladan, chegara xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yuqori shay holatga keltiriladi.
Ma’lumot uchun, Ekspertlar kengashi Erondagi davlat organi bo‘lib, uning tarkibiga 88 nafar nufuzli dinshunoslar kiradi. Uning asosiy vazifasi mamlakat oliy va ma’naviy rahbarini saylashdan iborat. Bundan tashqari, uning mas’uliyatiga konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish va konstitutsiyada nazarda tutilgan hollarda Eron rahbarining iste’fosi to‘g‘risida qaror qabul qilish kiradi.
Majlis esa 290 deputatdan iborat. Mamlakat konstitutsiyasida parlament a’zolari sonini siyosiy, geografik va boshqa omillarni hisobga olgan holda o‘zgartirish imkoniyati ko‘zda tutilgan – har 10 yilda deputatlar soni 20 kishiga ko‘paytirilishi mumkin. Parlamentda beshta o‘rin diniy ozchiliklar uchun ajratilgan: ossuriyalik nasroniylar va xaldeiylar birgalikda bittadan deputat, arman nasroniylari ikkitadan, yahudiylar va zardushtiylar bittadan deputat saylaydi. Parlamentning vakolat muddati – to‘rt yil.
LiveBarchasi