Eronda olimning o‘limi munosabati bilan 40 kunlik motam e’lon qilindi
Olam
−
28 noyabr 2020
5784Eronda yadro dasturi mualliflaridan biri bo‘lgan yuqori martabali yadrochi olim Muhsin Faxrizodaning o‘limi munosabati bilan 40 kunlik motam e’lon qilindi.
Mamlakatda minglab odamlar Faxrizodaning o‘limi uchun qasos olishni talab qilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Eron Islom Respublikasi hukumatini bosiqlikka chaqirmoqda.
Eron Oliy bosh qo‘mondoni Oyatullo Ali Homanaiy hujum ortida AQSH va Isroil turganini aytdi. Amerikaning “Axios” portali yadrochi muhandisning o‘ldirilishi Tramp ma’muriyatining Eron rasmiylari bilan muloqotni qayta tiklashni xohlagan Baydenni bezovta qilishga qaratilgan yana bir urinishi deb hisoblaydi.
Avvalroq Eron Mudofaa vazirligi yadroviy fizik Muhsin Faxrizoda o‘ldirilgani haqida xabar bergan edi. U Eron poytaxti yaqinidagi Absard aholi punktida terrorchilar hujumi qurboni bo‘ldi.
Avvalroq, Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Isroilning yadrochi olim qotilligiga aloqadorligini e’lon qilgandi. U xalqaro hamjamiyatni, xususan Yevropa Ittifoqini ikki tomonlama standartlar siyosatiga barham berishga va “davlat terrorizmi” harakatini qoralashga chaqirdi.
Keyinchalik, yadrochi olimining o‘limidan so‘ng, Eron AQSH va Isroilni ogohlantirdi. Eron o‘z xalqi va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi, deyiladi Islom Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Majid Taxt-Ravanchining BMT Bosh kotibi va Xavfsizlik Kengashi Raisining nomiga yuborgan maktubida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 yanvarida Eron tashqi siyosatining "me’mori", mintaqada katta obro‘ va mavqega ega shaxs IIPKning maxsus "Al-Quds" bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy Bag‘dod aeroportida AQSHning havo hujumi natijasida o‘ldirilgandi. Hatto, mintaqada katta obro‘ va mavqega ega general vafot etganda ham mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilinmagan.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi