Eronda namoyishchilarni terrorchilar o‘ldirgani iddao qilindi

Olam

image

Eronda halok bo‘lgan namoyishchilarning aksariyatini qurollangan terrorchilar o‘ldirgan. Bu haqda Eron sud-tibbiy ekspertizasi tashkiloti rahbari Abbos Masjidiy Aroniy Eron davlat televideniyesi orqali ma’lum qildi. 

Aroniyning qayd etishicha, halok bo‘lganlarning katta qismi hayotiy muhim a’zolariga sovuq qurol bilan zarba berilishi, ov miltig‘idan yaqin masofadan o‘q uzilishi yoki binolar tomidan o‘q otilishi oqibatida jon bergan. 

Tashkilot rahbari namoyishchilar safiga qurol ishlatish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan ba’zi shaxslar kirib olganini va aynan ular namoyishchilarning hayotiy muhim a’zolariga ataylab zarba berganini aytdi. 

Eronda norozilik namoyishlari

Eronda norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabrda Tehrondagi tarixiy “Grand-bazar” bozorida boshlanib ketdi. Do‘kon egalari milliy valyutaning xorijiy valyutalarga nisbatan keskin qadrsizlanishi va iqtisodiy qiyinchiliklar kuchayishi sababli norozilik bildira boshladi. Namoyishlar tez orada mamlakatning ko‘plab shaharlariga tarqaldi. 

Yarim rasmiy “Tasnim” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 yanvar holatiga ko‘ra, yaralangan politsiyachilar soni 568 kishiga, Basij ko‘ngilli otryadlari vakillari esa 66 kishiga yetgan. Biroq, Eron rasmiylari halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmagan. 

8 yanvar kuni Tehronda norozilik namoyishlari keskinlashdi. Tartibsizliklar davomida namoyishchilar (jumladan, turli guruhlar) ko‘plab ob’ektlarni – ko‘plab avtobuslar va tez yordam mashinalarini, 24 ta turar-joy binosini, 25 ta masjidni, 2 ta shifoxonani, 26 ta bankni, shuningdek, boshqa davlat va jamoat binolarini yoqib, vayron qilgan. Norozilik namoyishlari kuchayganidan so‘ng Eron hukumati internetga kirish bo‘yicha umummilliy cheklov joriy etdi. 

AQSHda joylashgan Inson huquqlari faollari yangiliklari agentligi (Human Rights Activist News Agency, HRANA) 13 yanvarda xabar berganidek, Eronda iqtisodiy muammolar tufayli boshlangan norozilik namoyishlarida halok bo‘lganlar soni 646 kishiga yetgan. 

Hisobotga ko‘ra, shu davrda Eronning 31 viloyatini qamrab olgan namoyishlarda 505 nafar namoyishchi (ulardan 9 nafari 18 yoshdan kichik), 133 nafar xavfsizlik kuchlari xodimi va 1 nafar prokuror halok bo‘lgan. Bundan tashqari, namoyishlar chog‘ida voqea joyida bo‘lgan 7 kishi jon bergan. Norozilik namoyishlari vaqtida qo‘lga olinganlarning umumiy soni 10 721 kishiga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

Erondagi namoyish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing