Eronda minglab o‘quvchi qizlar gazdan zaharlangani aytilmoqda

Olam

image

Eronda noyabr oyidan beri minglab o‘quvchi qizlar gazdan zaharlangani aytilmoqda. Eron Sog‘liqni saqlash vaziri so‘nggi oylarda turli maktablarda o‘qiyotgan qizlar zaharli hujumga uchraganini tasdiqlagan. Ba’zi siyosatchilar esa holat qizlarning ta’lim olishiga qarshi bo‘lgan diniy guruhlar tomonidan uyushtirilganini taxmin qilmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, kamida to‘rtta shahardagi 30 dan ortiq maktabga qilingan zaharli hujumlar noyabr oyida Eronning Qum shahrida boshlangan va ba’zi ota-onalar farzandlarini maktabdan olib ketishga majbur bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqda kasalxonaga yotqizilgan ba’zi o‘quvchi qizlar ko‘ngil aynishi, yurak sanchishidan aziyat chekayotgani tasvirlangan videolar tarqalgan.

“Ushbu yengil zahar qayerdan kelganini tekshirish, bu qasddan qilingan harakatmi yoki yo‘qligini aniqlash mening vazirligim doirasiga kirmaydi”, degan Sog‘liqni saqlash vaziri Bahram Eynollohi.

Vazir o‘rinbosari Yunes Panahi esa ba’zi odamlar maktablarni, ayniqsa, qizlar maktablarini yopishni xohlayotgani aniqlanganini aytgan. Shuningdek, Borujerd shahrida 1 ta o‘g‘il bolalar maktabida zaharlanish kuzatilgan.

Bir qator yuqori martabali ulamolar, qonunchilar va siyosatchilar hukumatni zaharli hujumlarni to‘xtata olmagani va ularga qarama-qarshi sabablar ko‘rsata olmagani uchun tanqid qilgan, ba’zilar esa oilalar o‘rtasidagi umidsizlik keyingi noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

“Rasmiylar bir-biriga qarama-qarshi bayonotlar bermoqda. Biri bu qasddan qilinganligini aytsa, boshqasi xavfsizlik bilan bog‘liqligini aytadi va boshqa bir amaldor bunda maktablarning isitish tizimlarini ayblamoqda. Bunday gaplar odamlarda ishonchsizlikni kuchaytiradi”, deydi Erondagi katta ulamolardan biri Muhammad Javod. 

Dunyo hamjamiyati ham vaziyatdan xavotirda ekanini bildirgan. Xususan, Oq uyning milliy xavfsizlik vakili Jon Kirbi mazkur holatdan chuqur tashvishda ekani va dunyo bu kasalliklarga nima sabab bo‘layotganini bilishi kerakligini aytgan. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham o‘quvchi qizlar zaharlanganidan shokda ekani, holat to‘liq tekshirilishi kerakligini aytgan.

Rasmiy Tyehron esa xorijda joylashgan ommaviy axborot vositalari va “yollanma guruhlar”ni vaziyatdan foydalanib, psixologik urush olib borishda va odamlarni tashvishga solayotganlikda ayblagan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron gazdan zaharlanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing