Eronda erkak jinoyat qilgan joyida osib o‘ldirildi
Olam
−
21 avgust 13387 2 daqiqa
Bugun, 21 avgust kuni Eronda bir muddat oldin jinoyat sodir etgan erkak sud hukmi bilan aynan o‘sha joyning o‘zida osib o‘ldirildi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, odatda Eronda qatlga oid jazolar qamoqxonalarda ijro etiladi. Jamoaviy qatl esa keng jamoatchilik g‘azabini keltirgan jinoyatlar uchun qo‘llaniladi.
Viloyat sud tizimi rahbariga ko‘ra, bu galgi qatl Kordkuy shahrida – jinoyat sodir bo‘lgan joyning o‘zida amalga oshirilgan.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, qatl etilgan shaxs o‘tgan yili “er-xotin va yosh ayolni ov miltig‘i bilan otib o‘ldirish”da aybdor deb topilgan.
Qayd etish joiz, Eronda qatl hukmi tez-tez amalga oshirilib turadi. Joriy yilning 19 avgust kuni ham Eronning Fors viloyatida bir erkak ona va uning uch farzandini o‘g‘rilik vaqtida o‘ldirgani uchun jamoat oldida osilgandi. Uning rafiqasi ham o‘lim jazosiga hukm qilingan bo‘lib, qamoqxonada qatl etilishi kutilmoqda.
Inson huquqlari tashkilotlari, jumladan Amnesty International ma’lumotlariga ko‘ra, Eron Xitoydan keyin dunyoda eng ko‘p odamni qatl etadigan davlat sanaladi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarligi o‘tgan oy Eronga o‘lim jazolaridan voz kechishni tavsiya bergandi hamda yilning birinchi yarmida kamida 612 kishining qatl etilishini “jiddiy masala” sifatida baholagandi.
Eron esa javoban o‘lim jazosi faqat eng og‘ir jinoyatlar uchun qo‘llanilishini ta’kidlagan. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, qotillik, zo‘rlash, zino va ayrim giyohvandlik jinoyatlari uchun o‘lim jazosi qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Mazandaron viloyatida yashovchi 56 yoshli Kolsum Akbari ismli ayol 22 yil davomida 11 nafar erini zaharlab o‘ldirganlikda ayblanayotgani va unga o‘lim jazosi berilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.