Eronlik ayol 11 nafar erini zaharlab o‘ldirdi

Olam

image

Eronning Mazandaron viloyatida yashovchi 56 yoshli Kolsum Akbari ismli ayol 22 yil davomida 11 nafar erini zaharlab o‘ldirganlikda ayblanmoqda va unga o‘lim jazosi berilishi mumkin. Bu haqda “Ary news” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, u tergov jarayonida boy va yolg‘iz keksa erkaklar bilan tanishib, katta miqdordagi mahr sharti bilan turmush qurib, so‘ng ularni bosqichma-bosqich zaharlaganini tan olgan. Ayol zaharlashda qon bosimi va qandli diabetga qarshi dorilar, tinchlantiruvchi preparatlar hamda texnik spirt aralashmasidan foydalangan.

Jinoyatlar 2000 yildan 2023 yilgacha Sari, Neka, Mahmudobod, Babol va Qoyemshahr kabi bir nechta shaharda sodir bo‘lgani sababli ular orasidagi bog‘liqlikni aniqlash qiyin bo‘lgan. Ayol 2023 yilda so‘nggi qurboni – 82 yoshli G‘ulomrizo Boboiy vafotidan keyin qo‘lga olingan. Marhumning tanishi ayol ilgari uning ham otasini zaharlashga uringanini eslab qolib, politsiyaga murojaat qilgan. Tergovda ayol qotilliklarni tan olgan, biroq sonini aniq eslay olmagan.

“Balki 13 yoki 15 nafar bo‘lgandir, aniq bilmayman”, degan u.

Ish bo‘yicha 11 ta qasddan odam o‘ldirish va 1 ta qotillikka urinish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. 45 dan ortiq da’vogar, jumladan, qurbonlarnig merosxo‘rlari unga nisbatan o‘lim jazosini talab qilmoqda. Advokat ayolda psixalogik ekspertiza o‘tkazishni so‘ragan, biroq qurbonlarning oilalari bunga qarshi chiqib, bunday puxta rejalashtirilgan jinoyatlarni aqldan ozish bilan izohlash mumkin emasligini aytgan.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, marhum erlardan olingan mulklar Akbarining qizi nomiga rasmiylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida eri bilan mulkni bo‘lishishni istamagan ayol uni o‘ldirish uchun qotil yollagani xabar qilingandi. Ayol qurol sotib olish va maqsadini amalga oshirish uchun 1,3 million tenge (taxminan 2 ming 900 dollar) sarflagan.


Maqola muallifi

Teglar

Kolsum Akbari Mazandaron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar