Eronda davlatga xiyonatda ayblangan uch kishi qatl etildi
Olam
−
19 may 2023 5325 2 daqiqa
Eronda 22 yoshli ayol Mahsa Amini o‘limidan so‘ng mamlakatni qamrab olgan norozilik namoyishlari chog‘ida bir politsiyachini o‘ldirishda aybdor deb topilgan uch kishiga nisbatan o‘lim hukmi ijro etildi. Bu haqda IRNA nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Solih Mirhoshimiy, Majid Kazimi va Said Yoqubiy “davlat hokimiyatiga qarshi jinoyat” moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Eron sud hokimiyatiga ko‘ra, qatl etilganlar taqiqlangan Eron xalqi mujohidlari tashkiloti a’zolari bo‘lgan.
“Associated press” xabariga ko‘ra, inson huquqlari tashkilotlari mahkumlarning iqrorlari qiynoqlar ostida olinganini da’vo qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Eron hukumati o‘tgan 2022 yilda 582 kishini qatl qilgan, bu esa 2021 yilga nisbatan 75 foizga ko‘p hisoblanadi. Qatl qilinganlarning aksariyati Eronda 2022 yil sentyabr oyida boshlangan ommaviy norozilik namoyishlarida qatnashgan. Namoyishlarga politsiya hibsxonasida halok bo‘lgan 22 yoshli etnik kurd Jina Mahsa Aminining o‘limi sabab bo‘lgan edi.
Mahsa Amini vafoti va namoyishlar
2022 yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.
Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga “yurak yetishmovchiligi” sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilgan. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilgan. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
Live
Barchasi