Eronda 48 kishi qalbaki alkogol ichib vafot etdi

Olam

image

Eronning to‘rt viloyatida so‘nggi paytlarda metil spirtidan tayyorlangan qalbaki alkogol iste’mol qilganlar orasida vafot etganlar va jiddiy zaharlanganlar soni ortmoqda. Qalbaki ichimliklar ishlab chiqarishga aloqador gumonlanuvchilar qo‘lga olingan, ammo o‘ta xavfli ichimliklar hali ham Eron bozorida mavjud. Bu haqda “Hamshahri” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, mamlakat hududidagi to‘rt viloyatda metil spirtidan tayyorlangan alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida halok bo‘lganlar va ko‘rish qobiliyatidan mahrum bo‘lganlar soni oshmoqda. Hozirgi kunga kelib, 48 kishi halok bo‘lgani ma’lum. Ularning yarimidan ko‘pi Mazondaron viloyatida, qolganlari Gilan, Zanjan va Hamadan viloyatlarida. To‘rt viloyat bo‘ylab yuzlab odamlar zaharlanish bilan shifoxonaga yotqizilgan, ularning bir qismi ko‘z nuridan mahrum bo‘lgan.

Halok bo‘lganlar va jabrlanganlar qaysi ichimlikni iste’mol qilgani va qaysi firma tomonidan ishlab chiqarilgani haqida ma’lumot yo‘q. Soxta mahsulotlarni tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq gumonlanuvchilar qo‘lga olingan bo‘lsa-da, hukumat hali ham o‘ta xavfli soxta mahsulotlarni bozordan tizimli ravishda chiqarib tashlayolmayapti.

Ma’lumot uchun, metil spirti o‘ta kuchli zahar hisoblanadi, chunki uning ovqat hazm qilish tizimida parchalanishi oqibatida formaldegid (zaharli gaz) hosil bo‘ladi. Soxta alkogol ishlab chiqaruvchilar qo‘lidan metil spirti iste’mol qilgan qurbonlar ko‘pincha uni juda katta miqdorda ichadi va bu o‘limga olib keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Parkent tumanidagi zavodda ishlab chiqarilgan 1,1 mlrd so‘mlik qalbaki alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron qalbaki alkogol' Mazondaron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing