Eronda hijob o‘ramagan ayollar uchun ruhiy shifoxona ochiladi
Olam
−
17:14
589Eronda hijob o‘rash qoidalarini buzgan ayollar uchun maxsus “klinika” ochilishi e’lon qilindi. Bu haqda “Iran International” xabar berdi.
Unga ko‘ra, Eron hukumati amaldagi qoidalarni buzgan holda jamoat joylarida hijob o‘ramaydigan ayollarga yordam berish uchun maxsus klinikalar ochish niyatida ekanini ma’lum qilgan.
“Ushbu markaz, ayniqsa, ijtimoiy va islomiy o‘zlikni izlayotgan o‘smirlar, yoshlar va ayollarni hijobni yechishni ilmiy va psixologik jihatdan davolash uchun tashkil etiladi”, dedi xotin-qizlar va oila masalalari bo‘limi boshlig‘i Mehri Tolebiy.
U klinikaga tashrif buyurish ixtiyoriy bo‘lishiga ishontirdi.
Klinikani to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy tomonidan tayinlangan Muhammad Solih Hoshimiy Golpayegani boshqaradi.
Ayni paytda mamlakat parlamenti hijob kiyish qoidalarini kuchaytiruvchi qonunni ko‘rib chiqmoqda – unga ko‘ra, bir martalik qoidabuzarlik uchun rasmiylar taxminan 50 dollar, takroriy qoidabuzarlik uchun esa 400 dollargacha jarima solmoqchi.
Eronning yangi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon majburiy hijobni qo‘llab-quvvatlamaydi, ammo bu masalada Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy kabi vakolatlarga ega emas.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eronda 16 yoshli Arezo Xavari ro‘mol o‘ramagani va o‘qishdan chetlashtirish tahdidi tufayli maktab rahbariyati bilan kelishmovchilikdan so‘ng o‘z joniga qasd qilgandi. Qayd etilishicha, qiz oltinchi qavatdan o‘zini tashlagan.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi