Eronda hech narsa o‘zgarmaydi
Tahlil
−
02 iyul
11949Ham tashqi, ham ichki siyosatda ziddiyatlarni boshdan kechirayotgan Eronga yaqin kunlarda yangi prezident rahbarlik qila boshlaydi. Yaqin Sharqda to‘qnashuvlar davom etayotgan bir pallada Isroilga hujum uyushtirgan yagona mamlakat – Eron rahbariyatida o‘zgarish bo‘lishi dunyo ommaviy axborot vositalari diqqat markazida turibdi. Xo‘sh, radikalizmdan norozilar soni ortayotgan, liberallarga qarshi shafqatsiz kurash olib borilayotgan Eronda yangi prezident hukumat tepasiga kelishi mamlakat hayotida nimanidir o‘zgartira oladimi?
Eronda boshqaruv tartibi
Garchi Prezident so‘zi “oldinda o‘tiruvchi” ma’nosini bildirsa-da, Eron uchun prezident lavozimi nari borsa bosh vazirlik maqomiga teng. Chunki bu mamlakatda prezidentdan-da oldinroqda o‘tiruvchi shaxs bor. U Eron Oliy rahnamosi Ali Xomanaiydir. Qurolli kuchlardan tortib sud tizimigacha, davlat televideniyesidan tortib boshqa muhim strategik ahamiyatga ega tashkilotlargacha Oliy rahbar Ali Xomanaiyga bo‘ysunadi.
Mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra, Oliy Rahbar Eron Islom Respublikasining umumiy siyosatini belgilaydi, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlarini nazorat qiladi. Umrining oxirigacha Oliy rahbar bo‘lib qoladigan Xomanaiy hatto, saylovlarning qanchalik shaffof tarzda o‘tkazilgani bo‘yicha yakuniy qarorlarni qabul qiladi. Oliy rahbar shaxsi qonuniy ravishda “daxlsiz” hisoblanadi, eronliklar uni so‘roq qilishga haqli emas. Uni so‘roqqa tutishga jazm etganlar va haqoratlaganlar qattiq jazolanadi.
O‘z tarixida Eron Islom Respublikasida faqat ikkita Oliy rahbar bo‘lgan: 1979 yildan to o‘lgunigacha (1989 yil) bu lavozimni egallagan Ruhulloh Xumayniy va uning vafotidan keyin 30 yildan beri rahbarlikda qolayotgan Ali Xomanaiy.
Eronda prezident katta vakolatlarga ega emas. Prezident rasmiy ravishda Oliy Rahbarga bo‘ysunadi. Prezident Eron konstitutsiyasida ko‘rsatilgan vazifalarni bajaradi, bu vazifalar elchilar va vazirlarni tayinlash, milliy byudjetni rejalashtirish, ijroiya hokimiyatini boshqarish funksiyalarini o‘z ichiga oladi. Eronning ikki tomonlama siyosiy tizimidagi barcha asosiy siyosatlarda yakuniy so‘z prezident emas, Xomanaiyga tegishli.
Yuqoridagi omillarni va Erondagi boshqaruv tartibini hisobga olgan holda, Eronda yangi prezident iqtidorga kelishi mamlakat hayotida uncha ko‘p narsalarni o‘zgartirmasligini oldindan aniq aytish mumkin. Eron aholisi ham bu fikrga qo‘shiladi va prezidentlikka nomzodlardan islohot va reformalar kutmaydi.
“Al-Jazeera” nashriga intervyu bergan eronlik ayollardan biri yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovida qatnashmasligini bildirdi.
“Men saylovda ovoz berishga borishni istamayman, chunki prezident hech narsa qila olmaydi. Ularda aholi yashash tarzini o‘zgartirish uchun nimadir qilishga vakolat yo‘q. Eronda yashash xarajatlari juda qimmat”, deydi eronlik ayol.
Prezidentlik saylovi va nomzodlar
28 iyun kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida qatnashgan to‘rt nomzodning hech biri 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘play olmadi, natijada 5 iyul kuni saylovning ikkinchi turi bo‘lib o‘tishi belgilandi. Saylovchilarning 40 foizi ishtirok etib, saylash huquqiga ega 60 million kishidan 24 millioni ovoz berdi. Bu Respublika tarixida kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Dastlab 6 kishi prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi. Ulardan 5 nafari konservator, 1 nafari islohotlar tarafdori. Biroq saylovgacha 2 kishi poygadan chiqdi.
Saylovning birinchi turida esa islohotchi nomzod Mas’ud Pezeshkiyon va konservativ nomzod Said Jaliliy ikkinchi turga chiqdi. Pezeshkiyon 42,5 foiz, Jaliliy esa 38,6 foiz ovoz olgan.
Reformator sifatida ko‘rilayotgan 69 yoshli kardiojarroh, huquqshunos va sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri – Mas’ud Pezeshkiyon mamlakatdagi yakuniy qaror qabul qiluvchi Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyning g‘arbga qarshi keskin pozitsiyasini aks ettiruvchi nomzodlarga qarshi chiqmoqda. U ayollar huquqlari, ijtimoiy erkinliklarni qo‘llab-quvvatlovchi, G‘arb bilan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi nomzod sifatida ajralib turibdi.
Pazeshkiyan majburiy hijob haqida ham gapirib, 2022 yil oxirida Mahsa Amini vafotidan so‘ng kiritilgan Islomiy dress-kod qonunini amalga oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi ekanligini bildirdi. Said Jaliliy esa Eron oliy rahbarining Milliy xavfsizlik oliy kengashidagi vakili hisoblanadi.
So‘nggi prezident Raisiyning faoliyat davri qanday kechdi?
63 yoshida vafot etgan Ibrohim Raisiy qattiqqo‘l prokurorlikdan murosasiz prezident darajasiga ko‘tarilgan, mamlakatdagi eng yirik norozilik namoyishlarini bostirgan va dunyo yetakchilari bilan yadroviy muzokaralarni davom ettirgan rahbar sifatida esda qoladi.
U prezident etib saylanganidan bir yil o‘tib, Eronda ayollarning kiyinishi va yurish-turishini cheklovchi "hijob va iffat qonuni"ni kuchaytirishni buyurdi. Bir necha hafta ichida eronlik yosh kurd ayol Mahsa Amini ushbu qonunni buzganlikda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan hibsga olindi va hibsda vafot etdi.
Mahsa Amini o‘limi ortidan boshlangan milliy norozilik namoyishlari 1979 yilgi Islom inqilobidan keyin o‘tkazilgan eng yirik namoyish bo‘ldi. Namoyishlar qattiqqo‘llik bilan bostirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, unda yuzlab odamlar, jumladan, namoyishchilarni bostirishda qatnashgan o‘nlab xavfsizlik xodimlari halok bo‘lgan.
Raisiyning prezidentlik davrida Tehron va Vashington kelishuvini qayta tiklash bo‘yicha bilvosita muzokaralar to‘xtab qoldi. U yadroviy pozitsiyani va uning homiysi, G‘arbga keskin qarshi bo‘lgan Oliy rahnamo Ali Xomanaiyning xavfsizlik choralarini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.
Oliy rahbar Ali Xomanaiy boshqaruvi
Sayyid Ali Husayniy Xomanaiy 1939 yil 19 aprelda Mashhadda (Eron) tug‘ilgan. Ommaviy axborot vositalari uni etnik ozarbayjon deb biladi. Rasmiy veb-sayt ma’lumotlariga ko‘ra, Xomanaiy Muhammad Rizo Pahlaviy hukmronligi davrida olti marta hibsga olingan va uch yil surgunda bo‘lgan. Xomanaiy 1980 yillardagi Eron-Iroq urushi davrida Eron yetakchilaridan biriga aylangan.
Ali Xomanaiy Eron konservativ harakati yetakchisi sanaladi. Shu bilan birga, u mamlakatdagi ilmiy taraqqiyotga katta hissa qo‘shdi. Xomanaiy ildiz hujayralari va terapevtik klonlash bo‘yicha tadqiqotlarni ma’qullagan islom ruhoniylarining ilk a’zolaridan biri edi. Xomanaiy atom energetikasini rivojlantirishga katta e’tibor bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, neft va gaz zaxiralari cheksiz emas. Eron yadroviy dasturiga kelsak, Xomanaiy 2003 yilda ommaviy qirg‘in qurollarining barcha turlarini ishlab chiqarish, to‘plash va ulardan foydalanishni taqiqlovchi fatvo chiqargan.
Xomanaiy hukmronligi davrida mamlakatda katta norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, 1994 yilgi Qazvin namoyishlari, 1999 yilgi talabalar noroziliklari, 2009 yilgi prezidentlik saylovlari noroziliklari, 2011-2012 yilgi norozilik namoyishlari, 2017-2018 yillar norozilik namoyishlari, 2018-2019 umumiy ish tashlashlar, 2019-2020 noroziliklar, 2021-22 namoyishlar va Mahsa Amini o‘limi bilan bog‘liq noroziliklar shular jumlasidandir.
Eron matbuot erkinligi bo‘g‘ilgan mamlakatlardan biridir. Mamlakat “Chegara bilmas muxbirlar”ning so‘z erkinligi bo‘yicha indeksida 180 mamlakat ichida 176 o‘rinda turadi. Jurnalist, blogerlar va boshqa jamoatchilik faollari Eronda Oliy rahnamo Xomanaiyni haqorat qilganliklari uchun, ko‘pincha kufrda ayblanib qamalgan. Ularning ba’zilari hibsda vafot etgan.
Tashqi siyosiy masalada Xomanaiy qat’iy pozitsiyaga ega. Qo‘shma Shtatlarni keskin tanqid qilish Xomanaiyning har qanday ommaviy chiqishlari ajralmas qismidir. U Amerika rahbariyatini Yaqin Sharqdagi imperialistik siyosati, Isroilni qo‘llab-quvvatlagani va Iroqqa qarshi agressiyasi uchun tanqid qiladi.
“Euronews” nashrining yozishicha, Trampning Oq uyga qaytish ehtimoli ortib borayotgani Eron rahbari Ali Xomanaiyni boshqa yangi “piyoda”ga muhtoj qilib qo‘ydi. Hozirda Eron jamiyati kul ostidagi cho‘g‘ga o‘xshaydi – bir uchqun uni yana alangalitishi mumkin. Avvalgi alanga hali to‘liq o‘chirilgani yo‘q, hukumatning tez orada yoqilg‘i narxini oshirish zarurati notinchlikni yanada avj oldirishi mumkin. Shuni aytish joizki, Eron ichki va tashqi siyosatida muhim o‘zgarishlar bo‘lishi uchun yangi prezident saylanishining o‘zi kamlik qiladi.
LiveBarchasi