Eron yadroviy qurol yaratishiga yo‘l qo‘ymaymiz – Tramp
Olam
−
12:37
1938AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy qurollariga oid ob’ektlarni yo‘q qilish ehtimoli haqida izoh berishdan bosh tortdi, biroq Tehronning yadroviy qurol yaratishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi. Bu haqda u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar bu sodir bo‘lsa, boshqa davlatlarda ham yadroviy qurol paydo bo‘ladi va bu halokatli oqibatlarga olib keladi.
“Men ularning (Eronning) buyuk mamlakat bo‘lishini xohlayman. Ularning ulkan imkoniyatlari bor. Odamlari ajoyib. Lekin, men aytadigan yagona narsa shuki, ular yadroviy qurolga ega bo‘la olmaydi”, dedi Tramp.
AQSH Prezidentining fikricha, agar Eron yadroviy qurolga ega bo‘lsa, keyinchalik boshqa davlatlar ham bu qurolni yaratadi va buning oqibatida falokat yuz beradi.
Shuningdek, Tramp Tehronning yadroviy ob’ektlarini yo‘q qilish masalasini muhokama qilishdan bosh tortdi va bu mavzuda izoh bermasligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Shimoliy Koreyani ham “yadroviy davlat” deb atagan edi. Shuningdek, Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In uning Oq uyga qaytishidan xursand bo‘lishiga ishonishini bildirgan.