Eron yadrochi olimining o‘limidan so‘ng AQSH va Isroilni ogohlantirdi
Olam
−
28 noyabr 2020
9460Eron AQSH va Isroilni har qanday hodisaga tayyor turishga chaqirdi. Eron o‘z xalqi va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi, deyiladi Islom Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Majid Taxt-Ravanchining Tehron yaqinida yadrochi-fizik olim Muhsin Faxrizoda o‘ldirilgandan so‘ng BMT Bosh kotibi va Xavfsizlik Kengashi Raisining nomiga yuborgan maktubida.
“Qo‘shma Shtatlar va Isroilning mening mamlakatimga qarshi har qanday avantyuristik choralari paytida, ayniqsa, AQSH amaldagi ma’muriyatining qolgan davrida, Eron Islom Respublikasi o‘z xalqi va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, deb yozgan Majid Taxt-Ravanch o‘z xatida.
Diplomat, shuningdek, BMTni Faxrizodaning o‘ldirilish voqeasini qat’iyan qoralashga va jinoyat tashkilotchilariga qarshi choralar ko‘rishga chaqirdi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif avvalroq Isroilning yadrochi olim qotilligiga aloqadorligini e’lon qilgandi. U xalqaro hamjamiyatni va xususan, Yevropa Ittifoqini ikki tomonlama standartlar siyosatiga barham berishga va “davlat terrorizmi” harakatini qoralashga chaqirdi.
Avvalroq Eron Mudofaa vazirligi yadroviy fizik Muhsin Faxrizoda o‘ldirilgani haqida xabar bergan edi. U Eron poytaxti yaqinidagi Absard aholi punktida terrorchilar hujumi qurboni bo‘ldi.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi