Eron va AQSH o‘rtasida yadroviy muzokaralar tiklanishi mumkin
Olam
−
15:08 899 2 daqiqa
Eron va AQSH o‘rtasida so‘nggi oylar davomida keskinlikning pasayishi sabab tomonlar yadroviy muzokaralarni qayta boshlash masalasida oldinga siljimoqda. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiyning aytishicha, bir nechta diplomatik tashabbuslar muhokama qilingan va yaqin kunlarda muzokaralar boshlanishi mumkin.
Xabarlarga ko‘ra, joriy yilning 6 fevral kuni Qatar, Turkiya, Misr va Ummon diplomatik sa’y-harakatlari doirasida Istanbulda Eron va AQSH vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishi aytilmoqda. Unda AQSHning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ishtirok etishi mumkin. Biroq mazkur uchrashuv rasman tasdiqlanmagan.
Qayd etilishicha, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha topshiriq bergan. Keskinlikning yumshashi AQSH Prezidenti Donald Trampning yanvar oyida Yaqin Sharqqa harbiy kuchlarni yuborgani, biroq keyinchalik Tehronni yadroviy kelishuvga qaytishga chaqirgani fonida amalga oshmoqda.
AQSH Eronni uranni boyitishni to‘xtatish, raketa dasturini cheklash va mintaqadagi ittifoqchi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishga chaqirmoqda. Tehron esa yadroviy dasturi faqat tinch maqsadlarda ekanini ta’kidlab keladi va raketa masalasi muzokara mavzusi emasligini bildirib o‘tgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Eron iqtisodiy inqiroz va sanksiyalar bosimi ostida qolayotgan bir paytda sanksiyalarni yumshatish Tehron uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy har qanday tashqi hujum mintaqaviy urushga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich AQSH Eronga 48 soat ichida zarba berishi mumkinligini aytgandi.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi