Eron o‘zining ikkinchi gipertovushli raketasini taqdim etdi
Olam
−
19 noyabr 2023
13340Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy Islom inqilobi posbonlari korpusi Aerokosmik kuchlarining yutuqlari ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. Unga mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi “Fattoh 2” gipertovushli raketasi namoyish etildi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Aeyerokosmik fan va texnologiyalar universitetida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada Eronning aerokosmik texnologiyalardagi eng so‘nggi yutuqlari namoyish etilgan. Ko‘rgazma tadbirining asosiy diqqat markazida esa “Fattoh 2” gipertovushli qanotli raketasi bo‘lgan.
Qayd etilishicha, birinchi avlod qanotli raketalari dastlabki quvvatni ta’minlash uchun oddiy raketa dvigatellari, shuningdek, harakatni boshqarish uchun turboreaktiv dvigatellar bilan jihozlangan. Yangi avlod – “Fattoh 2” raketasi esa (ramjet) reaktiv dvigateliga ega.
“Shunday qilib, respublika o‘z arsenalida gipertovushli texnologiyalarga ega bo‘lgan dunyodagi to‘rtinchi davlatga aylandi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 6 iyun kuni Eron harbiylari yangi “Fattoh” gipertovushli ballistik raketasini namoyish qilgan. Raketaning masofasi 1,4 ming km, tezligi esa nishonga tegguncha 15 925 km/soat - 18 375 km/soatga yetadi. 10 iyun kuni Eron Qurolli kuchlari mudofaa va moddiy-texnik ta’minot vaziri Muhammad Rizo Ashtianiy mamlakatdagi harbiy-sanoat majmuasi mahsuloti hijriy 1401 yilda (Grigoriy taqvimi bo‘yicha 2023 yil 20 martda tugallangan) 81 foizga oshganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 25 may kuni Eron Mudofaa vazirligi 2000 km masofaga uchadigan yangi “Xaybar” ballistik raketasini taqdim etgandi. Ushbu raketa Xurramshahr turkumidagi eng so‘nggisi bo‘lib, og‘irligi 1,5 tonnagacha bo‘lgan jangovar kallakni olib yurishga qodir. Sinov paytida raketaning tezligi atmosferadan tashqarida 19600 km/soat va atmosferada 9800 km/soatga yetdi.
LiveBarchasi