Eron urushni Trampning prezidentlik muddati tugaguncha cho‘zmoqchi

Olam

image

Eron AQSH bilan davom etayotgan urushni Donald Trampning prezidentlik muddati yakunlangunga qadar cho‘zish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni maslahatchisi, brigada generali Muhammad Rizo Naqdiy PBS telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Naqdiyning aytishicha, Tehronning asosiy maqsadi Eronga qarshi yangi hujumlarning oldini oladigan darajadagi tiyib turish mexanizmini yaratishdan iborat.

“Qarang, biz dushman hech qachon bizga hujum qilishga jur’at eta olmaydigan darajadagi tiyib turish omiliga erishishimiz kerak. Buning yo‘llaridan biri – bu urushni keyingi prezidentlik muddatigacha cho‘zish va shunday zarar yetkazishki, agar yana kimdir Eronga hujum qilishni istasa, buning uchun katta badal to‘lashiga to‘g‘ri kelishini bilsin”, degan u.

Generalga Eronning savdo kemalariga hujumlari xalqaro dengiz huquqini buzishi mumkinligi haqida savol berilganda, u urush sharoitida xavf tug‘diruvchi transport yo‘llarini nazorat qilish qonuniy ekanini ta’kidlagan.

“Urush sharoitida biz tahdid soluvchi har qanday transport arteriyasini nazorat qilishimiz mumkin. Xalqaro huquq aynan shuni nazarda tutadi. Dunyoning qaysi nuqtasida urush bo‘lsa, shu qoida amal qiladi”, degan Naqdiy.

Ma’lumot uchun, Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati 2025 yil yanvarda boshlangan bo‘lib, 2029 yil 20 yanvarda yakunlanadi. AQSH Konstitutsiyasining 22-tuzatishiga ko‘ra, bir shaxs ikki martadan ortiq prezident lavozimini egallay olmaydi.

AQSH va Eron o‘rtasidagi urush 2026 yil fevral oyining oxirida boshlangan. Oradan 20 kun o‘tib, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, Vashington muzokaralarni o‘zi taklif qilgan. Joriy yilning 18 iyun kuni tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan, biroq keyinchalik harbiy harakatlar yana qayta boshlangan.

Tehron AQSHni memorandum shartlariga rioya qilmaslikda ayblagan. Aroqchining ta’kidlashicha, mazkur hujjat shartlari bajarilishi muzokaralarni tiklashning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Hozircha tomonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara olib bormayapti va faqat vositachilar orqali muloqot qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozi minalardan to‘liq tozalanganini va bo‘g‘oz 100 foiz AQSH harbiy-dengiz kuchlari nazoratida ekanini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing