Eron urushni keskinlashtirmoqchi – AQSH razvedkasi

Olam

image

Eron o‘z kuchiga ishonch his qilmoqda va AQSH razvedkasi baholashiga ko‘ra, yaqin oylarda AQSH bilan nizoni avj oldirishga qaror qilishi mumkin. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

AQSH mulozimlarining nashrga ma’lum qilishicha, Tehron qarama-qarshilikni kamida AQSHdagi oraliq saylovlargacha cho‘zishga va shu orqali Prezident Donald Trampning siyosiy muammolarini chuqurlashtirishni niyat qilgan. 

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, bir necha oylik harbiy harakatlardan so‘ng Eron o‘z harbiy imkoniyatlarini yaxshiroq baholagan va AQSHga qarshilik ko‘rsatishni davom ettirishga qodir deb hisoblaydi. Yaqin haftalarda Tehron iyul oyida amalga oshirgan harakatlarini takrorlashi mumkin: mintaqadagi AQSH harbiy bazalari va kemalariga, shuningdek, Quvayt va boshqa mamlakatlardagi infratuzilmaga hujum qilishi mumkin. Shu bilan birga, manbalarning so‘zlariga ko‘ra, qisqa muddatli istiqbolda AQSHning iqtisodiy sanksiyalari vaziyatning yanada avj olishiga xizmat qiladi, xolos.

Bungacha “The Wall Street Journal” nashri Eron va arab mulozimlariga tayanib, Tehronning AQSH va Isroil bilan nizoni kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergan. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) muntazam armiya ustidan nazoratni kuchaytirgan, Iroq bilan urush veteranlarini asosiy lavozimlarga tayinlagan, kontrrazvedka operatsiyalarini kengaytirgan va raketalar hamda dronlar ishlab chiqarishni tezlashtirgan. Bundan tashqari, Tehron Yaman va Iroqdagi qurolli guruhlar bilan aloqada bo‘lib, ularni nizoning ehtimoliy kengayishiga tayyorlamoqda, deb qayd etadi gazeta suhbatdoshlari. Ehtimoliy ssenariylar orasida WSJ Fors ko‘rfazidagi internet-kabellaridagi diversiyalar va shia guruhlari bo‘lgan mamlakatlarda, jumladan Quvayt va Bahreynda vaziyatni izdan chiqarishni tilga olgan.

AQSH Vakillar palatasining razvedka bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, Kolorado shtatidan demokrat Jeyson Krou Eron rahbariyati yanada jipslashganini va dushmanlarga bosim o‘tkazish uchun Hormuz bo‘g‘ozidan qanday foydalanishni yaxshiroq tushunib yetganini aytgan. Urushgacha ushbu suv arteriyasi orqali jahon naftining taxminan beshdan bir qismi o‘tar edi. 

“Ular bo‘g‘oz muzokaralardagi muhim “karta” ekanini hamisha bilishgan, ammo endi u ularga qanday ta’sir dastaklarini berishini yanada chuqurroq anglab yetdilar”, deydi Krou.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘q-dorilar zahirasi haqida fikr bildirdi va Qo‘shma Shtatlarning yana bir urushda ishtirok etish ehtimolini baholagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing