Eron O‘rtayer dengizidagi AQSH kemalarini oson nishon deb biladi – TIV rahbari
Olam
−
17 noyabr 2023
6784Eron harbiylari Falastin-Isroil mojarosi avj olishi fonida O‘rtayer dengiziga joylashtirilgan AQSH harbiy-dengiz kuchlari kemalarini ehtimoliy hujumlarga qarshi himoyasiz deb biladi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Britaniyaning “Financial Times” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Harbiy amaldorlarimiz Amerika samolyot tashuvchilarining mintaqamiz yaqinida joylashtirilishini Qo‘shma Shtatlarning himoyasini kuchaytirmaydi, balki ularni oson nishonlarga aylantiradi, degan fikrda. Bu ularni mumkin bo‘lgan hujumlarga nisbatan zaifroq qiladi”, degan vazir.
Abdullohiyonning aytishicha, Vashington Tehronga “Hizbulloh” Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujum uyushtirsa, ehtimoliy zarba berish bilan tahdid qilmagan. Eron Tashqi ishlar vaziri Qo‘shma Shtatlarni Tehronni "bosiqlik"ka chaqirib, o‘zi Isroilni qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganini kinoya qilgan.
“Bu vaziyatning keskinlashuviga olib keladi. Urush allaqachon mintaqaga tarqaldi. Yaman armiyasining bosib olingan hududlarga raketa va uchuvchisiz samolyotlar bilan hujum qilishi urushning avj ola boshlaganini anglatadi. “Hizbulloh”ning Isroil uchinchi armiyasiga qarshi kurashayotgani urush allaqachon kengayib ketganini ko‘rsatadi”, deydi vazir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashington Yaqin Sharqqa F-16 qiruvchi-bombardimonchi samolyotlari eskadronini joylashtirgan edi. Ikkita tashuvchi zarba guruhi O‘rtayer dengizining sharqiy qismiga yuborildi. Amerika ma’muriyati Tehron va unga aloqador qurolli guruhlarni Isroilga qarshi bosqinchilik harakatlaridan ogohlantirdi. Falastin-Isroil mojarosi kuchayib borayotgan bir paytda Suriya va Iroqdagi AQSH harbiy bazalari raketa va uchuvchisiz samolyotlardan hujumga uchragan. Pentagon 17 oktyabrdan buyon bunday hujumlar soni 58 taga yetganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi