Eron uranni AQSHga emas, Rossiyaga topshirmoqchi
Olam
−
10:19 5515 1 daqiqa
Eron ma’lum shartlar asosida boyitilgan uranni Rossiyaga topshirishga rozi bo‘ldi. Bu haqda yangilangan kelishuv loyihasiga tayanib, “Al Hadath” telekanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron yadroviy dasturini to‘liq tugatish o‘rniga uni uzoq muddatga muzlatishga rozi bo‘lgan. Buning evaziga taxminan 400 kilogramm yuqori boyitilgan uran AQSHga emas, balki Rossiyaga topshirilishi kerak.
Telekanal manbasiga ko‘ra, Eron urush davomida yetkazilgan zarar uchun AQSHdan kompensatsiya talabidan ham voz kechishi mumkin. Shu bilan birga, Tehron Vashingtondan iqtisodiy imtiyozlar olishga intilmoqda.
Shuningdek, Eron Hormuz bo‘g‘ozini bosqichma-bosqich ochishni taklif qilgan. Rejaga ko‘ra, bo‘g‘ozdagi ehtimoliy mojarolarni tartibga solishda Pokiston va Ummon kafolatli ishtirok etadi.
Eronning boyitilgan urandan voz kechishi Vashingtonning Tehronga qo‘ygan asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov aprel oyida Moskva “boyitilgan uran masalasini hal qilishda o‘z rolini o‘ynashga tayyor” ekanini bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga bugun, 19 may kuni rejalashtirilgan harbiy hujumni kechiktirganini ma’lum qilgandi. Trampning aytishicha, hujumdan voz kechishni undan Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Saudiya Arabistoni Valiahdi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud hamda BAA Prezidenti shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon so‘ragan.
Live
Barchasi