Eron Tramp davrida AQSH bilan muloqotga tayyor – vitse-prezident
Olam
−
15:32
663Eron hukumati AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan muloqot o‘rnatishga tayyor. Bu haqda Islom Respublikasining strategik masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Muhammad Javad Zarif "Foreign Affairs" jurnalida yozdi.
"G‘arb davlatlari Eronga bosim o‘tkazish o‘rniga ijobiy qadamlar tashlashi kerak. Yadroviy kelishuv bunday chora-tadbirlarning o‘ziga xos namunasi edi va G‘arb uni qayta tiklashga intilishi kerak. Uning tiklanishiga erishish uchun u aniq amaliy chora-tadbirlarga, jumladan, siyosiy, huquqiy va sarmoyaviy qarorlarga o‘tishi kerak, ulardan Eron foyda ko‘rishi mumkin. Tramp shunday qadamlar tashlashga qaror qilsa, Eron ham Tehronga, ham Vashingtonga foyda keltiradigan muloqotga tayyor bo‘ladi", deb yozdi Zarif.
Eron rasmiysiga ko‘ra, "20 yildan ortiq davom etgan iqtisodiy sanksiyalardan so‘ng, AQSH va uning G‘arbdagi ittifoqchilari Eron ularning bosimiga berilmaganini tan olishlari kerak; majburlash choralari doimiy ravishda teskari natija bergan".
Zarifning eslatishicha, AQSHning Eronga maksimal bosim siyosatiga javoban Islom Respublikasi uranni boyitish sur’atini oshirib, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik inspektorlarining yadroviy inshootlariga kirishini qisqartirgan.
Zarifning ta’kidlashicha, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon “Yaqin Sharqda barqarorlik va iqtisodiy rivojlanish, qo‘shni arab davlatlari bilan hamkorlik qilish va Eron ittifoqchilari bilan munosabatlarni mustahkamlashga intiladi, biroq ayni paytda G‘arb bilan konstruktiv hamkorlikni xohlaydi”.
"Pezeshkiyon hukumati AQSH bilan ziddiyatlarni bartaraf etishga tayyor va yadroviy kelishuv bo‘yicha teng huquqli muzokaralar olib borishga umid qilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.
Eronda Zarif Tehronning Vashington bilan muloqotining asosiy tarafdori sanaladi. Eron konservatorlari uni doimiy ravishda g‘arbparast pozitsiyasi uchun tanqid qiladi va bu amaldor Islom Respublikasi qonunlarini buzgan va farzandlari Amerika fuqaroligiga ega bo‘lgan paytda vitse-prezident lavozimini egallagan, deb hisoblaydi.
2013 yildan 2021 yilgacha Zarif Eron tashqi ishlar vaziri bo‘lgan va 2015 yilgi yadroviy kelishuvni ishlab chiqish va tuzishda bevosita ishtirok etgan.
Tramp 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. Davlat rahbari sifatidagi birinchi muddatda u Eronga maksimal bosim siyosatini e’lon qildi, Tehronga nisbatan qattiq sanksiyalar qo‘ydi, 2018 yilda yadroviy kelishuvdan chiqdi va Isroilga siyosiy-harbiy va iqtisodiy yordamni oshirdi.
"Eron rasmiylari Amerikaning saylangan rahbariga islomiy respublikaga maksimal bosimdan voz kechishni maslahat bermoqda. Agar u qarama-qarshi qaror qabul qilsa, Qo‘shma Shtatlar Tehronning "maksimal qarshiligiga" duch keladi", dedi Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi.
LiveBarchasi