Eron Shvetsiyaning yangi elchisini qabul qilmasligini bildirdi
Olam
−
22 iyul 2023
7638Shvetsiyada Qur’onning yoqilishi ortidan ushbu mamlakatning elchisini chiqarib yuborgan Eron muqaddas kitobning yoqilishiga qarshi chora ko‘rilmaguncha uning birorta yangi elchini qabul qilmasligini bildirdi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullaxon kecha, 21 iyul kuni ma’lum qildi.
“Shvetsiya elchisining Tehrondagi vakolati tugadi va Prezident farmoyishiga ko‘ra, Shvetsiya hukumati Qur’oni Karimning tahqirlanishiga nisbatan jiddiy chora ko‘rmaguncha, biz Shvetsiyaning yangi elchisini qabul qilmaymiz. Eron elchisi ham Shvetsiyaga yuborilmaydi”, deydi vazir.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 20 iyul kuni Stokgolm politsiyasining ruxsati bilan Iroq elchixonasi yaqinida aksiya bo‘lib o‘tdi. Unda 37 yoshli iroqlik muhojir Salvan Momika musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’on nusxasini tepdi, shuningdek, krossovkasini Iroq milliy bayrog‘i va taniqli arboblarining suratlari bilan artdi. Aytish joizki, u oldin ham Stokgolmda Qur’onni tahqirlagan edi.
Shundan so‘ng Eron, Iroq va Livanda namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Iroq poytaxti Bag‘doddagi Shvetsiya elchixonasiga namoyishchilar bostirib kirdi, elchixona xodimlari evakuatsiya qilindi. Shuningdek, Iroq Shvetsiya elchisini mamlakatdan chiqarib yuborib, bunday holat yana takrorlansa, Shvetsiya bilan aloqalarini uzishini ma’lum qildi.
Livan va Erondagi norozilik chiqishlari esa nisbatan tinch o‘tdi. Tehrondagi Shvetsiya elchixonasi oldiga yig‘ilgan odamlar binoga tuxum va pomidor uloqtirib, diplomatik missiya rahbari Erondan chiqib ketmaguncha o‘sha yerdan ketmasligini e’lon qildi. Eron hukumati esa Shvetsiya elchisini mamlakatdan ketkazib yubordi va bunday holat qayta takrorlansa, diplomatik aloqalar uzilishini bildirdi.