Eron samolyoti sanksiya sabab Dushanbega ko‘na olmadi
Olam
−
19:46 1430 1 daqiqa
Bugun, 24 sentyabr kuni Eronning Varesh Airlines aviakompaniyasiga tegishli Tehron–Dushanbe reysi parvozga chiqqanidan so‘ng yo‘nalishini o‘zgartirib, Tehrondagi Imom Xomayniy aeroportiga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu haqda “Rooziato” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, samolyotning qaytishiga Tojikistonga qo‘shni ayrim davlatlar havo hududidan foydalanish uchun berilgan ruxsatlarning kutilmaganda bekor qilingani sabab bo‘lgan.
Eronlik media faoli Ali Qalhakiy Telegram-kanalida Varesh Airlines samolyoti Dushanbega parvoz vaqtida havo hududidan o‘tish ruxsati bekor qilingani sababli Imom Xomayniy aeroportiga qaytganini ma’lum qilgan.
So‘nggi kunlarda Eron aviakompaniyalarining ayrim xorijiy yo‘nalishlardagi parvozlariga turli cheklovlar joriy etilgani qayd etilmoqda. Jumladan, Eronning Iroq, Ummon va Ozarbayjonga amalga oshiradigan ayrim reyslari ham bunday cheklovlardan aziyat chekkan.
Hozircha samolyotning aynan qaysi davlat havo hududidan o‘tishiga ruxsat berilmagani va cheklovning sabablari haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH tomonidan Eron aviatsiya sohasiga qarshi joriy etilgan sanksiyalar Turkiyani Eronga o‘z reyslarini bekor qilishga va uning aviakompaniyalaridan birining parvozlarini taqiqlashga majbur qilgandi.
Live
Barchasi