Eron rasman SHHTga a’zo bo‘ldi
Olam
−
04 iyul 2023
7259Bugun, 4 iyul kuni Shanxay hamkorlik hashkiloti (SHHT) Eron rasman tashkilotga a’zo bo‘lganini e’lon qildi. Bu haqda Hindiston raisligidagi tashkilotning 23-sammitida qaror qabul qilindi. Virtual uchrashuv SHHT Kotibiyati tomonidan translyatsiya qilindi.
Aytish joizki, Eron davlatlararo birlashmaning to‘qqizinchi a’zosiga aylangan. Shu munosabat bilan Pekindagi tashkilot kotibiyatida Eron bayrog‘ini ko‘tarishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab tashkilot tarkibiga oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekiston kirsa, 2017 yilda Hindiston va Pokiston ham qo‘shilgan. 2022 yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Eronning tashkilotga a’zo bo‘lish majburiyati to‘g‘risidagi memorandum imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 may kuni O‘zbekiston Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan Eronning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha so‘rovi Toshkent tomonidan ma’qullangandi. 4-5 may kunlari Hindiston raisligida Goa shtatining Panaji shahrida SHHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi va unda Eron Islom Respublikasi va Belarus Respublikasining SHHTga a’zo davlatlar sifatida tashkilotga qabul qilish jarayoni muhokama qilindi.
LiveBarchasi