Eron rasman 10 yillik yadroviy kelishuvdan chiqdi
Olam
−
18 Oktabr 2025 5593 2 daqiqa
Eron 2015 yilda yirik davlatlar bilan imzolangan, sanksiyalarni bekor qilish va yadroviy dasturga cheklovlar joriy etish evaziga tuzilgan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini rasmiy ravishda bekor qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
“Kelishuvning barcha bandlari, shu jumladan, yadroviy dasturga oid cheklovlar va ular bilan bog‘liq mexanizmlar bekor deb hisoblanadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Mazkur kelishuv Eron, Xitoy, Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya o‘rtasida imzolangan bo‘lib, uning maqsadi Eronni yadroviy qurol yaratishdan to‘xtatish edi. Biroq 2018 yilda Donald Trampning qarori bilan AQSH bitimdan chiqib, sanksiyalarni qayta tiklagach, kelishuv amalda kuchini yo‘qotdi.
Keyingi yillarda bitimni qayta tiklashga urinishlar natija bermadi. Joriy yilning yozida Eron, Isroil va AQSH o‘rtasidagi keskinlik muzokaralarning barcha imkoniyatlarini yopdi. Iyun oyida Eron parlamenti MAGATE bilan hamkorlikdan voz kechish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi, bunga javoban Yevropa davlatlari BMT sanksiyalarini “tezkor tiklash mexanizmi” orqali qayta joriy etdi.
G‘arb davlatlari endi Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmasligini kafolatlaydigan yangi kelishuv izlashini aytmoqda. Tehron esa bunday muzokaralar faqat AQSH harbiy harakatlardan butunlay voz kechishiga kafolat bergandagina bo‘lishini takidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida Tehron BMT sanksiyalarining qayta tiklanishi tufayli Eron xalqining manfaatlari va huquqlariga zarar yetkazishga qaratilgan har qanday urinishlarga javob qaytarishini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi