Eron Prezidenti internetga kirishni tiklashni buyurdi

Olam

image

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakatda internetga kirish imkonini tiklash bo‘yicha farmon berdi. Bu haqda “Fars” xabar berdi.

Pezeshkiyon ushbu topshiriqni Aloqa vazirligiga yuborgan. Eron hukumati vakili ham bu rejalarni tasdiqlagan.

Eron hukumatining axborot bo‘yicha idorasi rahbari Ali Ahmadniya X ijtimoiy tarmog‘ida internetga kirishni tiklash qarorini tasdiqlagan.

“Bugungi yig‘ilishda barcha hukumat vakillari internetni qayta tiklashga ovoz berdi”, deb yozgan u.

NetBlocks monitoring loyihasi kecha, 25-may kuni Eronda internet 87 kundan beri uzilganini ma’lum qilgan. Aprel boshida esa bu cheklov tarixdagi eng uzoq umumiy internet uzilishi bo‘lgani qayd etilgan.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlangan 28-fevraldan boshlab mamlakatda internet deyarli to‘liq uzilib qolgan. Yanvar oyida ham norozilik namoyishlari fonida umumiy internet uzilishi kuzatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Eronda “oq internet” tizimi mavjud bo‘lib, hukumat va ayrim tashkilotlarga cheklanmagan kirish beriladi, qolganlar esa VPN orqali ulanadi. Shuningdek, ayrim foydalanuvchilar uchun “Internet Pro” tizimi mavjud bo‘lib, unda Telegram va WhatsApp kabi xizmatlar nisbatan barqaror ishlaydi, biroq Instagram, YouTube va X kabi platformalar cheklangan. VPN xizmatlari esa juda qimmat ekani aytiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalo NetBlocks xalqaro internet monitoring xizmati Eronda internet aloqasi 42 kundan buyon deyarli to‘liq ishlamay kelayotgani haqida xabar bergan edi. Tashkilot hisob-kitobiga ko‘ra, uzilishlar umumiy 984 soatdan oshgan bo‘lib, bu holat mamlakat bo‘ylab deyarli to‘liq internet izolyatsiyasi sifatida baholangan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron internet tiklash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing