Eron MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatdi
Olam
−
02 iyul 2815 2 daqiqa
Bugun, 2 iyul kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikni to‘xtatish to‘g‘risida farmon chiqardi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Joriy yilning 25 iyun kuni bu qaror mamlakat parlamenti tomonidan ma’qullangandi. Bu hodisa Isroil bilan bo‘lib o‘tgan 12 kunlik urush yakunidan bir kun o‘tib yuz berdi. Isroilning da’vo qilishicha, urush Eronning yadroviy qurol yaratishga yaqinlashgani tufayli boshlangan.
Keyinchalik parlament raisi o‘rinbosari Hamid Rizo Hojiy Boboiyning ma’lum qilishicha, Eron endilikda MAGATE rahbari Rafael Grossini o‘zining yadroviy ob’ektlariga kiritmoqchi emas va bu inshootlarga kuzatuv kameralarini o‘rnatishga ham rozi bo‘lmaydi.
Grossi urush davomida Eron yadroviy inshootlariga zarar yetganini tan oldi, biroq Tehron bir necha oy ichida uranni boyitish jarayonlarini tiklashga qodirligini aytgan.
Ma’lumot uchun, 1970 yilda Tehron Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani (YQTSH) ratifikatsiya qilgan, 1974 yilda esa MAGATE bilan keng qamrovli kafolatlar to‘g‘risidagi bitimni imzolagan. Unga ko‘ra, agentlik mamlakatning yadroviy ob’ektlari haqida ma’lumot yig‘adi, ularni tekshiradi va dastur tinch maqsadga xizmat qilishini tasdiqlaydi. 1979 yildagi inqilobdan so‘ng dastur to‘xtatilgan, biroq keyinchalik qayta tiklangan. 1990 yillarda Eron birinchi marta yadroviy qurol yaratmoqchi bo‘lganlikda ayblangan.
2003 yilda MAGATE Eronda uranni boyitish izlarini topgan, Tehron esa deklaratsiya qilinmagan faoliyat olib borganini tan olgan. Shundan so‘ng, YQTSHga qo‘shimcha protokol imzolangan va Eron MAGATE tavsiyasiga ko‘ra boyitish dasturini to‘xtatdi. Biroq 2005 yilda uni qayta boshladi. Keyingi yili agentlik Eronga hamkorlikdan bosh tortish aybini qo‘ydi va unga nisbatan ilk sanksiyalar joriy etildi.
Shundan so‘ng, Tehron va G‘arb davlatlari yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga erishishga urindi. 2015 yilda Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi imzolandi. Bu hujjatga ko‘ra, Eron uranni boyitishdan voz kechadi va buning evaziga sanksiyalar olib tashlanadi. 2018 yilda AQSH bitimdan chiqdi, bir yildan keyin esa Eron yadroviy ishlanmalarni qayta boshladi.
2021 yildan boshlab Tehron MAGATE bilan ayrim kelishuvlarga amal qilishni to‘xtatdi, agentlik xodimlarini ob’ektlarga kiritmadi va qurolga yaqin darajadagi uran boyitishni davom ettirdi. 12 kunlik urush arafasida AQSH va Eron yangi yadro bitimi bo‘yicha muzokaralar olib borgan, biroq ular samara bermagan.
Live
Barchasi