Eron kemalar uchun to‘lov olmasligi kerak – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronni Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi tankerlar uchun to‘lov olishni darhol to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda Oq uy rahbari Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Trampga ko‘ra, Eronning bunday harakatini qabul qilib bo‘lmaydi.

“Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan tankerlar uchun to‘lov olayotgani haqida xabarlar kelmoqda – ular buni qilmasligi kerak, agar qilayotgan bo‘lsa, darhol to‘xtatishi lozim!” degan AQSH Prezidenti.

Keyingi xabarida Tramp yaqin orada neft yetkazib berish hajmi oshishini aytib, bu jarayon Eron bilan yoki usiz amalga oshishini ta’kidlagan.

Qolaversa, Tramp Tehronni sulh shartlarini buzishda ham ayblagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashuvchi kemalar harakatiga to‘sqinlik qilmoqda.

Avvalroq, eronlik rasmiy Hamid Hossayini vaqtinchalik sulh davrida Eron tankerlar orqali tashilayotgan har bir barrel neft uchun 1 dollar miqdorida to‘lov joriy etishini ma’lum qilgan. Bo‘sh (yuksiz) kemalar esa bepul o‘tishi mumkinligi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, 8 aprelga o‘tar kechasi AQSH va Eron ikki haftalik sulhga tayyor ekanini bildirgandi. Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochishga rozi bo‘lgan, biroq bu jarayon harbiylar bilan muvofiqlashtirilishini ta’kidlagan. 9 aprel kuni Eron AQSHni kelishuvni buzishda aybladi, jumladan dronlar orqali havo hududiga kirishda.

Shuningdek, Isroilning Livanga bergan zarbalari fonida Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tankerlarining harakatini vaqtincha to‘xtatgan.

Ma’lumotga ko‘ra, hozirda ushbu dengiz yo‘lida 800 dan ortiq kema to‘xtab qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Isroil Livan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing