Eron qurol-yarog‘ni kriptovalyutada sotmoqchi

Olam

image

Eron Mudofaa vazirligining Eksport markazi – Mindex xorijiy hukumatlarga zamonaviy qurol-aslaha yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni kriptovalyuta va eron riali orqali to‘lash sharti bilan taklif qildi. Shuningdek, idora barter kelishuvlari tuzishga ham tayyor. Bu haqda Mindex materiallariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.

Nashrning qayd etishicha, bu – davlat darajasida strategik harbiy texnika eksporti uchun kriptovalyutani qabul qilishga tayyorligini ochiq e’lon qilgan ilk holatlardan biri hisoblanadi. Shu yo‘l bilan Eron hukumati G‘arb moliyaviy cheklovlarini chetlab o‘tishga urinmoqda.

Mindex 30-35 ta davlat bilan hamkorlik qilayotganini bildiradi. Eksport qurollari katalogiga Emad ballistik raketalari, Shahed dronlari, Shahid Soleimani sinfidagi harbiy kemalar va yaqin masofali havo mudofaa tizimlari kiritilgan. Bir necha tillarda ishlaydigan markaz saytida, shuningdek, yengil o‘qotar qurollar va kemaga qarshi qanotli raketalar ham taklif etiladi. G‘arb davlatlari va BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu qurollarning ayrim turlari Yaqin Sharqda Tehron qo‘llab-quvvatlayotgan guruhlar tomonidan ishlatilgan.

Mindex xaridorlar qurollardan “boshqa davlat bilan urush vaqtida foydalanish” bo‘yicha shartlarga rozi bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi, biroq bu bandlar “tomonlar o‘rtasida muzokara predmeti bo‘lishi mumkinligi” ham ta’kidlanadi.

An’anaviy moliyaviy tizimlar orqali Eronga to‘lovlarni amalga oshiradigan tomonlar AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning ikkilamchi sanksiyalari ostida qolishi mumkin. “Financial Times”ning yozishicha, AQSH rasmiylari avvalroq Eronga raqamli aktivlardan neft savdosi va “soya bank” tarmoqlari faoliyati uchun foydalanishda ayblovlar qo‘ygan.

Stokgolm tinchlik muammolarini tadqiq etish xalqaro instituti (SIPRI) bahosiga ko‘ra, 2024 yilda Eron qurol eksporti hajmi bo‘yicha dunyoda 18-o‘rinni egallagan bo‘lib, bu ko‘rsatkichda Norvegiya va Avstraliyadan ortda qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy hukumati Tayvanga qurol-yarog‘ yetkazib bergani uchun AQSHning 20 ta mudofaa kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron kriptovalyuta Mindex

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing