Tramp va Oyatulloh urushi davom etadi
Tahlil
−
28 iyun 18225 6 daqiqa
Barchaning o‘z “haqiqati” bor, asl haqiqat esa bir burchakda hayron. Bu jumlalar bugun Eron va AQSH rahbariyati o‘rtasidagi ortda qolgan 12 kunlik Eron-Isroil urushida kim g‘olib bo‘lgani haqidagi bahs-munozaralarga juda mos keladi. Ikki tomon ham “ko‘rpani o‘ziga tortmoqda”. Masalan, urush tugashi bilan Eron oliy rahbari birinchilardan bo‘lib, g‘alabani “o‘ziniki” qilib ko‘rsatishga urindi. 12 kunlik urush davomida bor-yo‘g‘i ikki bor bayonot berib chiqqan va shundan so‘ng tashqi dunyo bilan aloqani uzib, yo‘qolib qolgan Xomanaiy, 26 iyun kuni Isroil bilan sulh tuzilganidan keyin ilk bor omma oldida chiqish qilib, xalqini g‘alaba bilan tabrikladi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning AQSH ustidan “g‘alaba” qozonilgani haqida aytilgan ikkinchi bayonoti ham e’lon qilindi.
G‘arbiy yarimsharda esa Tramp Eron va Isroil o‘rtasidagi urushni to‘xtatgani, uning sa’y-harakatlarini “dada”ga o‘xshatish avj oldi. U mazkur ikki mamlakat o‘rtasidagi ziddiyatni ifodalash uchun ko‘p ishlatadigan iborasi “maktab hovlisida urishayotgan bolalar” degan so‘zlarini yana tilga oldi va o‘zini ularni bir muddat urishishga qo‘yib bergan, keyin esa ajratib olgan katta shaxs deb baholay boshladi. Hatto NATO sammitida ham alyans rahbari Ryutte Trampni “qattiqqo‘l dada”ga o‘xshatdi va bu butun dunyo OAVlarida muhokama mavzusiga aylanib ketdi. Albatta, Trampning bunday harakatlari Eron Oliy rahnamosiga yoqmasligi tayin edi va u Trampni voqealarni bo‘rttirib yubormaslikka chaqirdi.
OAVda chiqayotgan har qanday xabarlar, dunyoning bir chekkasidagi 22 yoshli ekofaol Greta Tunbergning harakatlari, xullas, juda mayda voqeliklardan tortib o‘ta arzimas masalalargacha o‘z fikrini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirishga erinmayotgan AQSH Prezidenti bu safar ham Xomanaiyga javob qaytarmasdan tura olmadi. U o‘ziga tegishli Truth Social platformasida uzundan uzoq post qoldirdi va unda Eron Oliy rahbarini yolg‘onchilikda aybladi.
“Urushdan aziyat chekkan Eron “Oliy rahnamosi” deb atalgan Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘z bayonoti yolg‘on ekanini bilsa-da, nega Isroil bilan urushda Eron g‘alaba qozondi, deb ochiqchasiga va ahmoqona gapirdi? Aslida unday emas. Katta e’tiqodli odam sifatida u yolg‘on gapirmasligi kerak. Uning mamlakati vayron bo‘ldi, uning uchta yovuz yadroviy ob’ekti yo‘q qilindi”, deb yozgan Tramp.
Shuningdek, Tramp urush davomida Xomanaiyning qayerga yashiringanini bilgani, ammo uni yo‘q qilishga ruxsat bermaganini ham iddao qilgan. Trampga ko‘ra, go‘yo u Oyatullohni qo‘rqinchli va jirkanch o‘limdan qutqarib qolganmish.
“Men uning qayerda boshpana topganini aniq bilardim va Isroil yoki AQSH Qurolli kuchlariga uning hayotini tugatishiga yo‘l qo‘ymadim. Men uni dahshatli va jirkanch o‘limdan qutqardim. Bu uchun rahmat aytishi shart emas”, deb yozgan AQSH Prezidenti.
Bundan tashqari, u o‘z postida urushning yakuniy pallasida Isroildan Tehron tomonga yo‘l olayotgan juda ko‘plab samolyotlarni to‘xtatgani, aks holda bu hujum Eronga misli ko‘rilmagan falokatga olib kelishi mumkinligini da’vo qildi.
“Darhaqiqat, urushning yakuniy aktida men Isroildan to‘g‘ridan to‘g‘ri Tehronga yo‘l olgan, ehtimol, so‘nggi nokautni kutayotgan juda katta samolyotlar guruhini qaytarishni talab qildim! Aks holda Eron katta zarar ko‘rgan va ko‘plab eronliklar halok bo‘lgan bo‘lar edi. Bu hozirgacha urushning eng katta hujumi bo‘lishi kerak edi”, degan Tramp.
Shu joyda Tramp Eronga qandaydir signal ham yuborishga ulgurdi. U mazkur post davomida so‘nggi kunlarda Eronga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlash ustida astoydil ishlagani, ammo rasmiy Tehrondan kutilgan javobni ololmagach, bu sa’y-harakatlarni darhol to‘xtatishga qaror qilganini ma’lum qildi.
“So‘nggi bir necha kun ichida men sanksiyalarni olib tashlash va boshqa narsalar ustida ishladim. Bu Eronga tez va to‘liq tiklanishda ancha yaxshi imkoniyat bergan bo‘lardi. Lekin yo‘q, buning o‘rniga men g‘azab, nafrat va jirkanish bayonotga duchor bo‘ldim va sanksiyalarni yengillashtirish bo‘yicha barcha ishlarni darhol to‘xtatdim”, deydi AQSH yetakchisi.
Shuningdek, Tramp Eron endi jahon hamjamiyatiga tezroq integratsiya bo‘lishi lozimligi, yo‘qsa bu mamlakat kelajakda juda og‘ir ahvolga tushishi mumkinligidan ogohlantirdi. Eng so‘nggida esa Tramp Eron rahbariyati “sirka o‘rnida asal olishi lozimligini” tushunib yetishiga tilakdosh ekanini bildirdi.
“Eron jahon tartibi oqimiga qaytishi kerak, aks holda ular uchun vaziyat yanada yomonlashadi. Ular har doim juda g‘azabda va baxtsiz. Bu esa ularga nima olib kelganiga qarang – yonib ketgan, portlab ketgan, kelajagi yo‘q, halokatga uchragan harbiylar, dahshatli iqtisod va ularning atrofida o‘lim. Ularda umid yo‘q va bundan ham battar bo‘ladi! Qaniydi, Eron rahbariyati sirka o‘rniga asal olishni tushunib yetsa! TINCHLIK!!!”, deb o‘z postiga nuqta qo‘ygan Tramp.
Bu 79 yoshli AQSH Prezidenti Donald Tramp va 86 yoshli Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning haqiqiy urushdan keyingi ijtimoiy tarmoqlarda davom etayotgan o‘ziga xos jangi edi. Ikki qariya “g‘alaba”ni o‘ziniki qilish dardida urushni endilikda ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chirib olishdi va turli postlar orqali uni davom ettirmoqda.
Bu tomonda esa ortda qolgan va tarixga ko‘p ehtimol 12 kunlik urush deb nom qoldirgan to‘qnashuvni boshlagan va eng katta aybdor Isroil hozircha qandaydir g‘alaba haqida ko‘p gapirmayapti. Isroil rasmiylari o‘zlari boshlagan urushda ko‘rilgan zarar haqida bosh qotirish bilan ovora. Jumladan, Isroil Soliq boshqarmasi rahbari Shay Aaronovichning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat tarixidagi eng yirik moddiy talafotdir. Ammo zarar haqida gap ketganda yahudiy davlati mulozimlari turlicha raqamlarni keltirmoqda. Masalan, Moliya vaziri urushning umumiy xarajatlari 12 milliard dollarga yetishi mumkinligini aytgan bo‘lsa, Isroil Markaziy banki rahbari Amir Yaron esa bu raqamni ancha past, taxminan 6 milliard dollarga baholagan. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, Isroil haqiqatdan ham juda katta talafot ko‘rgani shubhasiz.
Chunki “Bloomberg”ning Isroil Moliya vazirligi va soliq boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, yahudiy davlatining faqatgina raketalar bilan zararlangan binolarni tiklashi va mahalliy biznesga tovon to‘lash xarajatlari 3 milliard dollarni tashkil qiladi. Urushda ishlatilgan qurollar, o‘sha 10 yildan buyon salohiyati ko‘pirtirilgan, ammo Eron raketalari qarshisida ojiz qolgan havo mudofaa tizimining kelgusidagi xarajatlari 3 milliard dollarlik yo‘qotishlar qatoriga kirmaydi. Shuningdek, yangi urush oqibatida Isroilda iqtisodiy qiyinchiliklar yanada kuchaymoqda. Markaziy bank oldinroq 2025 yil uchun YAIM o‘sishini 3,5 foiz deb prognoz qilgan bo‘lsa-da, bu raqam endilikda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu esa Eron bilan bo‘lgan urush avvalgi harbiy to‘qnashuvlarga qaraganda ancha qimmatga tushganini isbotlaydi. Sababi bu safar urush dahshati Isroil hududida o‘zining eng ayanchli ko‘rinishini namoyon qildi. Bu G‘azo va Livan janubi hamda markaziga uyushtirilgan qonli agressiyalardan tom ma’noda farq qiladi. Erondan oqib kelgan raketalar asosan markaziy Isroildagi zich aholi yashaydigan shaharlarga, jumladan Tel-Aviv aglomeratsiyasiga qaratilgan bo‘lib, u yerda mamlakat aholisi yarmidan ko‘pi istiqomat qiladi. Bu esa isroilliklarga urush azobi va dahshatini o‘z tanasida his qilish, yonayotgan uylarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga va shaharning turli burchaklaridan kelayotgan azobli qichqiriqlarni o‘z quloqlari bilan eshitish va undan xulosa qilish imkonini berdi.
Live
Barchasi