Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyor – Aroqchi
Olam
−
28 noyabr
4484Eron Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvni istamaydi, ammo yahudiy davlati tomonidan Islom Respublikasini keng ko‘lamli urushga chorlovchi har qanday tahdidlarga javob berishga tayyor. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Portugaliyaning Kashkaysh shahrida o‘tgan BMTning “Sivilizatsiyalar alyansi” forumidan so‘ng so‘z ochdi.
“Biz urushga, hattoki keng ko‘lamli urushga tayyormiz. Ammo bunga intilmaymiz. Agar isroilliklar urush yo‘lini tanlasa, biz unga to‘liq tayyor bo‘lamiz”, deydi vazir.
Aroqchiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi mojarolarni hal qilish mas’uliyati, avvalo, AQSH zimmasida. Shuningdek, isroilliklarning mintaqada sodir etayotgan vahshiyliklarini, Livan va boshqa joylardagi qirg‘inlarni tugatishga qaratilgan har qanday sa’y-harakatlarni olqishlash kerak.
U, shuningdek, Eronning ittifoqchisi bo‘lgan “Hizbulloh” janubiy Livandagi ikki oylik janglardan so‘ng zaiflashgani haqidagi fikrlarni rad etdi.
“Agar u zaiflashgan bo‘lsa, menimcha, Isroil otishmalarni to‘xtatishga rozi bo‘lmas edi. Ochig‘i, “Hizbulloh” janubiy Livanda Isroil kuchlariga qarshi qahramonona qarshilik ko‘rsatib, qayta tashkil etildi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vazirligi Livan va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini olqishlashini, lekin ayni paytda Livan xalqi va mamlakatdagi qarshilik kuchlariga har tomonlama yordam berishda davom etishini ma’lum qilgan edi.