Eron deputatlari yadro qurolini ishlab chiqishga ruxsat berishni talab qildi

Olam

image

Bir guruh Eron parlamenti a’zolari Oliy milliy xavfsizlik kengashidan (OMXK) mamlakatning mudofaa doktrinasini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi. Bu haqda parlament komissiyasi a’zosi Hasanali Ehlokiy Amiriyga tayanib, ISNA xabar berdi.

“Bugungi kunda hech bir xalqaro tashkilot, AQSH ham, Yevropa ham Isroilni nazorat qila olmaydi. Shu asosda taxminan 39 nafar parlament a’zosi OMXKga maktub yozib, Eron Islom Respublikasi mudofaa doktrinasini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi”, deydi Amiriy.

Qayd etilishicha, u Tehron tomonidan yadro qurolini ishlab chiqish va qo‘llash taqiqlovini qayta ko‘rib chiqish ehtimolini istisno etmadi. Bungacha esa Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy bir necha bor yadro qurolini ishlab chiqarish Islom qonun-qoidalariga zid ekanligini ta’kidlagan. Eron parlamenti deputati Muhammadrizo Sabag‘iyon Bafg‘iy bir necha oy avval deputatlar Xomanaiyga Eronning yadro quroliga bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi fatvoni o‘zgartirishni so‘rab murojaat qilganini ham ta’kidladi.

 “Agar Isroil va uning tarafdorlari bizning mamlakatimizdagi tinch ob’ektlar va boshqa infratuzilmalarni nishonga olish orqali taraqqiyotimizga to‘sqinlik qila olaman deb o‘ylasa, bu noto‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘ladi. Bizning hukumatdan so‘rovimiz — Islom Respublikasining yadro doktrinasini o‘zgartirish. O‘zimizni va mamlakatimiz xavfsizligini himoya qilish uchun biz yadro quroliga bo‘lgan yondashuvimizni o‘zgartirdik", dedi Bafg‘iy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Yaqin Sharqdagi bir qator mamlakatlar va ozodlik harakatlari bilan “Qarshilik pakti”ni tuzish loyihasini ishlab chiqayotgani xabar qilingan edi. Ushbu pakt Isroil va AQSH hujumi sodir bo‘lgan taqdirda harbiy yordamni nazarda tutadi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron yadro quroli Oliy milliy xavfsizlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing