Ohangarondagi YTH va yong‘inning yangi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
29 iyun 2020
11392Avvalroq, Ohangaron shahrida “ZIL-130” rusumli yuk avtomashinasi va Damas to‘qnashuvi natijasida ko‘p qavatli uyning birinchi qavatidagi dko‘onda yirik yong‘in chiqqani haqida xabar bergan edik.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi ushbu YTH va yong‘inning qo‘shimcha tafsilotlarini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 28 iyun kuni soat 14:10 larda Toshkent shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan haydovchi Sh.U. o‘zining boshqaruvidagi “ZIL-130” rusumli yuk avtomashinasini Toshkent shahridan Angren shahriga yo‘lovchisiz va yuksiz boshqarib borayotgan bo‘lgan. Ohangaron shahrining Amir Temur ko‘chasi “Guliston” MFY hududida joylashgan 3-sonli ko‘p qavatli uyning ro‘parasiga yetganida, avtomashina qo‘l tormozining ichki qismida yong‘in kelib chiqqanligini payqab qolgan. Avtomobilni to‘xtatishga uringan, ammo, boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomoniga o‘tib ketgan. Avtomashinani to‘xtatolmay ko‘p qavatli uyning yonida haydovchi va yo‘lovchisiz to‘xtab turgan xususiy korxonaga tegishli Damas rusumli transport vositasiga borib urilgan.
Natijada avtomashinalar to‘liq yonishi oqibatida, 3-sonli ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida joylashgan, yengil tamaddixona, oziq-ovqat va xo‘jalik mollari hamda kanselyariya do‘koni va dorixonalarga, shuningdek, ushbu do‘konlarning yerto‘lalariga o‘t ketgan.
Kelib chiqqan yong‘inni bartaraf qilishga jami 7 ta yong‘in o‘chirish maxsus mashinalari jalb qilinib, soat 15:00 da yong‘in to‘liq bartaraf qilingan.
Mazkur yong‘in natijasida “ZIL-130” rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi Sh.U. kuyish jarohati bilan Ohangaron tuman markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan va unga o‘ng oyoq boldir, o‘ng qo‘l kaft sohalarida I-II darajali termik kuyish tashxisi qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan, shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Ohangaron shahar hokimining farmoyishi asosida yetkazilgan moddiy zarar miqdori va ularni bartaraf qilish borasida maxsus komissiya tuzilib, hodisa joyida shtab tashkil qilingan.
LiveBarchasi