Eron bilan o‘yin oldidan Kapadze nimalar dedi?
Sport
−
24 mart
16077O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze 2026 yilgi Jahon chempionati saralashi 3-bosqich “A” guruhi 8-turidan o‘rin olgan Eronga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Ertaga bizni qiziqarli o‘yin kutmoqda. Eronni ham, o‘zimizni ham qanaqa kuchga ega ekanimizni yaxshi bilamiz. Bo‘lajak bahsga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Eron terma jamoasini va mamlakat chempionatini yaxshi bilamiz. Ikkala jamoa o‘zaro ko‘p marotaba bahs olib borgan, shuning uchun raqiblarimiz haqida ozmi-ko‘pmi ma’lumotga egamiz. Eron chempionatida to‘p tepadigan futbolchilarimizdan ham raqiblar haqida kerakli ma’lumotlarni oldik”, deydi mutaxassis.
Shuningdek, Kapadze terma jamoaning oldingi va hozirgi avlodi o‘rtasidagi tafovut haqida gapirdi.
“Jamoamizdagi avlodlarni solishtirmagan bo‘lardim, oldingi avlod ham, hozirgi avlod ham kuchli. Hozirda eng yaxshi tarkibimiz bilan o‘ynayapmiz va maqsadga yaqinmiz”, deydi murabbiy.
“Oq bo‘rilar” ustozi Masharipovning bo‘lajak o‘yinda qatnashmasligi va O‘runovning ham maydonga tushishi so‘roq ostida ekanligiga to‘xtaldi.
“Masharipov va O‘runovning terma jamoada o‘z o‘rni bor. Har ikki futbolchi ham termaga juda ham kerakli hisoblanadi, lekin bu futbol, ularning o‘rnini boshqa futbolchilar bilan to‘ldiramiz. Ostonning jarohati bor, ammo ertangi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapti. Uning holatiga qarab maydonga tushirish yoki tushirmaslikni o‘ylab ko‘ramiz. Qolgan futbolchilarda jarohat yo‘q, hammasi joyida”, deydi Kapadze.
Ma’lumot uchun, Eron-O‘zbekiston o‘yini 25 mart kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi. Bahsga Tehrondagi mashhur “Ozodiy” stadioni mezbonlik qiladi.