Eron bilan urush tez orada yakunlanadi – Tramp (video)
Olam
−
06 iyun 1666 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH yaqin orada Eron bilan urushni yakunlashini ma’lum qildi. Bu haqda u jurnalistlar bilan o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Eron bilan olib borilayotgan harbiy harakatlarni tez orada yakunlashni rejalashtirmoqda va bu qaror muqarrar bo‘ladi. U yakuniy natija qanday yo‘l bilan bo‘lishidan qat’i nazar, jarayon tugashini ta’kidladi.
U ikki xil variant mavjudligini aytdi. Birinchi variant – Eron bilan ikki tomonlama kelishuv imzolash. Tramp bu variantni ramziy tarzda “bir varaq qog‘oz” deb atadi. Ikkinchi variant esa yanada qat’iy choralarni qo‘llash bo‘lib, uning fikricha, bu yo‘l amalga oshirish jihatidan hatto osonroq bo‘lishi mumkin.
“Qanday bo‘lmasin, bu xoh bir varaq qog‘oz orqali bo‘lsin, xoh qat’iy usullar bilan bo‘lsin, urush yakunlanadi”, degan Oq uy rahbari.
Unga ko‘ra, operatsiya asosan allaqachon yakunlangan va natija yaqin vaqt ichida aniq bo‘ladi.
Prezident aniq muddatlar yoki kelishuv tafsilotlarini bermagan, faqat jarayon qat’iy tus olishini qayd etgan. Ushbu bayonot Viskonsin shtatida o‘tkazilgan tadbir davomida yangragan bo‘lib, u yerda asosan ichki iqtisodiy masalalar muhokama qilingan.
Shu bilan birga, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi matbuot xizmati mintaqadagi navbatdagi keskinlik bosqichi bo‘yicha muzokaralar jarayonini Eron oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy nazorat qilayotganini bildirgan.
Shuningdek, AQSH va Tehron o‘rtasida muzokaralar boshlangan bo‘lib, bu jarayonda Pokiston vositachi sifatida ishtirok etayotgani aytilgan. Bu holat Yaqin Sharqdagi keskinlikni kamaytirishi mumkinligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy bilan ehtimoliy uchrashuv haqida ma’lum qilgandi va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan bo‘lib o‘tgan keskin suhbatni tasdiqlagandi.
Live
Barchasi