“La’nati ahmoq”. Tramp Netanyaxuni haqoratlaganini tan oldi (video)
Olam
−
03 iyun 4779 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy bilan ehtimoliy uchrashuv haqida ma’lum qildi va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan bo‘lib o‘tgan keskin suhbatni tasdiqladi. Bu haqda u “Pod Force One” podkastiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Amerika rahbari Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy bilan shaxsan uchrashish istagi borligini bildirgan.
“Men u bilan uchrashishni istardim. Men hamma bilan uchrashishni xohlayman. Voqealar rivojiga qarab, ehtimol, qachondir biz uchrashamiz”, deydi Tramp.
AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, 56 yoshli Mujtabo Xomanaiy Erondagi muhim qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadi va mamlakatda katta hurmatga ega.
“U albatta jarayonga jalb qilingan. Menimcha, uni juda hurmat qilishadi. Nazarimda, biz ancha yaxshi til topishyapmiz”, deydi Oq uy rahbari.
Tramp, shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni “la’nati ahmoq” deb ataganini tasdiqlagan.
AQSH Prezidentining tushuntirishicha, uning g‘azabiga Isroil va Livan o‘rtasida davom etayotgan to‘qnashuvlar sabab bo‘lgan. Uning fikricha, bu to‘qnashuvlar Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarni qiyinlashtirishi mumkin. Keskin iboralarga qaramay, Tramp Isroil Bosh vaziri bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolganini urg‘ulagan.
“Biz birgalikda juda yaxshi ishladik. Menga Bibi yoqadi va u bilan til topisha olaman. Men urush davri Prezidentiman. U esa urush davri Bosh vaziri”, deydi Amerika rahbari.
Tramp, shuningdek, Eron bilan muzokaralar tez rivojlanayotganiga va yakunda Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini berishiga ishonch bildirgan.
“New York Post” nashrining qayd etishicha, AQSH Prezidentining amaldagi pozitsiyasi uning avvalgi bayonotlaridan sezilarli darajada farq qiladi. Ilgari Tramp Mujtabo Xomanaiyni “zaif shaxs” va Eron rahbarligi roliga nomunosib nomzod deb atagan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Axios” nashri manbalarga tayanib, Donald Tramp Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot chog‘ida uni keskin tanqid qilib, haqoratlagani haqida xabar bergan edi.
Live
BarchasiPashinyanning qushi uchmadi
03 iyun