Eron armiyasi yuqori jangovar shay holatga keltirildi – “Reuters”
Olam
−
07 aprel
9968Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH tomonidan ehtimoliy hujumga javoban mamlakat Qurolli kuchlarini yuqori jangovar tayyorgarlik holatiga keltirdi. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrga izoh bergan eronlik rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Tehron Iroq, Quvayt, BAA, Qatar, Turkiya va Bahrayn davlatlariga AQSH harbiy kuchlariga ko‘rsatilgan har qanday yordam dushmanlik harakati sifatida baholanishini bildirgan. Bu, jumladan, ularning hududidan hujum uchun foydalanish holatiga ham tegishli.
Shu bilan birga, Tehron Vashingtondan bilvosita muzokaralarni boshlash uchun ishora kutmoqda. Ma’lum qilinishicha, avvalroq AQSH bilan yadro bitimi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralardan bosh tortgan Eron rasmiylari endi Ummon vositachiligida muloqotni yo‘lga qo‘yishga tayyor.
Ma’lumot uchun, 2015 yil iyul oyida Eron va Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya, Fransiya, Xitoy va Germaniyani o‘z ichiga olgan bir guruh davlatlar o‘rtasida Venada Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi imzolangan. Hujjat tomonlarning qoidalari va majburiyatlarini nazarda tutgan. Xususan, Eron 15 yil davomida uranni 3,67 foizdan ortiq boyitmaslik va boyitilgan uran zaxirasini 300 kg dan oshirmaslik majburiyatini olgan. Shuningdek, Tehron qo‘shimcha og‘ir suv reaktorlari qurmaslikka, 130 tonnadan ortiq og‘ir suv to‘plamaslikka va yadroviy turdagi portlovchi qurilmalarni ishlab chiqmaslikka va’da bergan. Ammo 2018 yilda Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati paytida Qo‘shma Shtatlar muzokaralar kengashidan chiqqan. Bunga javoban Eron o‘zining texnologik salohiyati va yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini sezilarli darajada oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, 30 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp agar yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar natija bermasa, ikki hafta ichida Eronga nisbatan qo‘shimcha bojlar joriy etilishini aytgandi. Shuningdek, u Eron bitimdan butunlay voz kechgan taqdirda, misli ko‘rilmagan bombardimonlar bilan tahdid qilgandi. Bunga javoban Oyatulloh Ali Xomanaiy agar Vashington Eronga zarba berishga yoki ichkaridan isyon ko‘tarishga urinsa, uni “kuchli javob zarbasi” kutayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron AQSH va Isroil davlatlari bilan doimiy dushman bo‘lib kelgan.
LiveBarchasi