Eron armiyaga Isroil bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi – NYT
Olam
−
25 Oktabr
8864Eron hukumati Tel-Avivning javob hujumini kutayotgan bir paytda mamlakat Qurolli kuchlariga Isroil bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi. Bu haqda eronlik rasmiy manbalarga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, aslida Tehron uchun keng qamrovli urush ssenariysi afzal variant emas. Shuning uchun, Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy harbiylarga Isroil hujumiga qarshi bir nechta harakat rejasini ishlab chiqishni topshirgan.
Qayd etilishicha, har qanday “eroniy qasos” ko‘lami Isroil zarbasining jiddiyligiga bog‘liq bo‘ladi. Manbalarga ko‘ra, agar Tel-Aviv hujumni bir nechta harbiy bazalar va raketa hamda dron omborlari bilan cheklasa, katta ehtimol bilan Tehron hech qanday javob bermaydi.
Oyatulloh buyrug‘iga asosan, Tehron Isroilning neft yoki yadroviy ob’ektlariga hujum qilishi yoki yuqori martabali shaxslarni o‘ldirishi kabi holatlarda eng kuchli javobni beradi. Nashr manbalariga ko‘ra, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bu javobni 1 000 ta ballistik raketa otish, Eronning mintaqadagi proksi kuchlari tomonidan hujumlarni kuchaytirish, shuningdek, Fors va Hormuz bo‘g‘ozi orqali global energiya oqimlari va dengiz navigatsiyasini buzish bilan amalga oshiradi.
“Eron aslida Isroil bilan keng qamrovli urush olib borishni xohlamaydi. Biz mintaqaning portlashidan hech qanday foyda ko‘rmayapmiz", dedi Islom Respublikasiga yaqin siyosiy tahlilchi Nosir Iymoniy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron Isroil bilan urushni hayot-mamot tahdidi deb hisoblamaydi. Lekin, uzoq davom etadigan mojaro vayronkor bo‘lishini va G‘arb bilan muzokaralar olib borish bo‘yicha yangi hukumat rejasini buzishini tushunadi.
Ma’lumot uchun, Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro 2023 yilning oktyabr oyida G‘azo sektoridagi urush boshlanganidan keyin keskinlashdi. Joriy yilning aprel oyida Isroil Damashqdagi Eron konsulligiga hujum qildi va oqibatda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining ikki yuqori martabali generali halok bo‘lgan. Tehron bunga javoban 170 ta dron, 30 dan ortiq qanotli va 120 dan ortiq ballistik raketalar bilan hujum qildi. Biroq Isroil armiyasi ularning 99 foizini ushlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Bundan tashqari, joriy yilning 31 iyul kuni kechasi Tehrondagi qarorgohda portlash oqibatida HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniya halok bo‘ldi. Eron bunda Isroilni aybladi va javob berishga va’da berdi.
Joriy yilning 1 oktyabr kuni Tehron Isroilga raketalar bilan hujum amalga oshirdi. Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 200 dan ortiq raketalar uchirilgan, ularning aksariyati havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan.