Eron Ali Larijoniy vafot etganini tasdiqladi
Olam
−
18 mart 7857 2 daqiqa
Eron Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Larijoniy halok bo‘ldi. Bu haqda uning matbuot xizmati rasmiy Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, Larijoniy bilan birga uning o‘g‘li Murtazo Larijoniy, Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Alirezo Bayot hamda bir guruh qo‘riqchilari ham halok bo‘lgan.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Larijoniy vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirib, bunga javoban “qattiq qasos olinishi”ni va’da qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Larijoniy Milliy xavfsizlik kengashidagi faoliyati davomida mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, islomiy davlatlar o‘rtasida birdamlikni kuchaytirish uchun katta hissa qo‘shgan.
Kecha, 17 mart kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Larijoniy o‘tgan tunda Eronga berilgan havo zarbasi oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
Kats o‘sha hujumda “Basij” xalq lashkari qo‘mondoni, general-mayor G‘ulomrizo Sulaymoniy ham halok bo‘lganini aytgan. Bu ma’lumotni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ham tasdiqlagan.
Korpus ma’lumotiga ko‘ra, Larijoniy, Sulaymoniy va boshqa halok bo‘lganlar 18 mart kuni dafn etiladi.
Ali Larijoniy haqida
Ali Larijoniy Iroqda, Oyatullohlar oilasida tug‘ilgan. U Tehron universitetida G‘arb falsafasi bo‘yicha doktorlik darajasini olgan. U siyosiy faoliyatini 1990 yillarda boshlagan. 1992 yilda Madaniyat va islomiy yo‘nalish vazirligiga rahbarlik qilgan. 1994–2004 yillarda Eron teleradioeshittirish tashkilotini boshqargan. 2005 yilda Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi va mamlakatning yadroviy dasturi bo‘yicha bosh muzokarachisi bo‘lgan. 2025 yilda yana shu lavozimga qaytgan.
2008–2020 yillarda Eron parlamenti – Majlis spikeri bo‘lib ishlagan. Shuningdek, prezidentlikka nomzod bo‘lgan.
Live
Barchasi