Eron AQSH bosimini rad etadi, Rossiya va Xitoy siyosatini olqishlaydi – Pezeshkiyon
Olam
−
13 iyul
7757Bugun, 13 iyul kuni Eronning yangi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon “Yangi dunyoga mening xabarim” deb nomlangan shaxsiy fikrlari aks etgan maqolasini e’lon qildi. Maqola “Tehran Times” gazetasida chop etildi.
Unda mintaqadagi mojaro va beqarorlik sharoitida Eronda tartibli va tinch saylovlar o‘tkazish orqali mamlakatning favqulodda barqarorligiga erishilganiga to‘xtalib o‘tilgan.
“Mana shunday barqarorlik va saylovlarning munosib tarzda o‘tkazilgani oliy yo‘lboshchimiz Oyatulloh Xomanaiyning aql-zakovati bilan amalga oshdi”, deya yozadi u.
Mas’ud Pezeshkiyon islohot, milliy birdamlik va dunyo bilan konstruktiv hamkorlikka qaratilgan platformada saylanganini, saylovda ovoz bergan vatandoshlari, xususan, Erondagi umumiy ahvoldan norozi qatlamning ishonchini qozonganini ta’kidladi. U bundan keyin ham aholining ishonchini oqlashini qo‘shimcha qildi.
“Biz keskinlikni yumshatish bo‘yicha samimiy sa’y-harakatlarni olqishlaymiz va yaxshilikka yaxshilik bilan javob beramiz”, deydi Eron Prezidenti.
Pezeshkiyon G‘azodagi jarayonlarga ham to‘xtalib, dunyo davlatlarini sektorda o‘t ochishni to‘xtatishga ta’sir ko‘rsatishga chaqirgan. Jumladan, u qo‘shni arab davlatlarini sektorda urushning yanada kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik va urushni tugatish uchun birgalikda harakat qilishga chaqirgan.
Prezident o‘z maqolasida Xitoy va Rossiya Eronni qiyin paytlarda ham doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaganini aytib, Xitoy bilan tuzilgan 25 yillik reja o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muhim qadam ekanini tushuntirgan. Rossiyani esa “qimmat strategik ittifoqchi” deb atagan. Eron Prezidenti, shuningdek, AQSHga qarata Eron hech qachon o‘ziga ma’qul kelmagan siyosatga javob qaytarmasligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, SNN nashri Pezeshkiyon Eronning G‘arb va Isroilga nisbatan siyosatini o‘zgartirmasligini yozgandi. Pezeshkiyonning qasamyod qilish marosimi 2024 yil 30 iyulda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, u rasman mamlakatning 9-prezidenti bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mas’ud Pezeshkiyon Erondagi prezidentlik saylovida g‘alaba qozongandi. Shuningdek, Eronning yangi saylangan Prezidenti xalqni birlikka chaqirgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi