Eron AQSH bilan muzokaralarni to‘xtatdi – OAV
Olam
−
01 iyun 2804 1 daqiqa
Eron Isroilning Livanga bergan zarbalari sababli AQSH bilan muzokaralarni vaqtincha muzlatdi. Xususan, o‘zaro maktub va xabarlar almashinuvi norozilik belgisi sifatida to‘xtatilgan. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
“Eron sionistlarning jinoyatlariga norozilik belgisi sifatida AQSH bilan xabar almashishni vaqtincha to‘xtatib turadi”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, Isroil amalda bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay, Livan hududiga zarbalar berishda davom etmoqda. Yaqinda Livan janubida Isroil aviazarbalari oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi.
Avvalroq, Eron bir qator masalalar bo‘yicha tomonlar oldinga siljishga muvaffaq bo‘lgan ersa-da, AQSH bilan kelishuv imzolanishga yaqin deb hisoblamasligini bildirgan. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili, shuningdek, AQSH bilan ishlab chiqilayotgan memorandumda “barcha frontlarda”, jumladan, Livandagi vaziyatda ham harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi band mavjudligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik yana kuchaygani, tomonlar bir-birining harbiy ob’ektlariga zarbalar bergani haqida xabar berilgan edi. Amerika harbiylari Eron hududidagi radar tizimlari va dronlarni boshqarish ob’ektlariga zarba bergan. Vashington bu hujumlarni “o‘zini himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan choralar” deb atagan. Tehron esa AQSH hujumlariga javob qaytarganini bildirgan.
Live
Barchasi