Eron AQSH bilan muzokara o‘tkazmaydi – Xomanaiy
Olam
−
08 mart
5506Eron Islom Respublikasi AQSH bilan muzokaralar olib bormaydi, chunki Vashingtonni faqat o‘z manfaatlari qiziqtiradi. Bu haqda Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Eron rasmiylari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
“Ba’zi vijdonsiz hukumatlar muzokaralarni muammolarni hal qilish uchun emas, balki o‘z manfaatlarini zo‘rlab qabul qildirish uchun olib boradi. Eron Islom Respublikasi esa ularning umidlarini puchga chiqaradi”, dedi u.
U bu gapni AQSH Prezidenti Donald Trampning Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish taklifi yozilgan xatiga javoban bildirdi. Xomanaiyning ta’kidlashicha, G‘arb tomonidan qo‘llanilayotgan ikki xil mezon siyosati “sivilizatsiya uchun sharmandali” holat. U, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlar jinoyatini tan olib, shu bilan birga, G‘azo sektorida isroilliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni inkor etish mantiqsiz ekanini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp “Fox Business” telekanaliga bergan intervyusida Xomanaiyga Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish taklifi bilan maktub yo‘llaganini aytgan edi.
Biroq Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi bu xatni olmaganini ma’lum qilgan. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Tramp ma’muriyati Eronga nisbatan “maksimal bosim” siyosatini davom ettirar ekan, muzokaralarga hech qanday ehtiyoj yo‘qligini aytgan.
LiveBarchasi