Eron AQSH bazalariga zarba berdi, “Hizbulloh” Isroilga hujum boshladi (video)
Olam
−
11 iyun 7229 1 daqiqa
Eron Quvayt, Iordaniya va Bahraynda joylashgan AQSH harbiy bazalariga raketa zarbalari berdi. Zarbalar aks etgan videolar OAVda tarqaldi.
Shu bilan bir vaqtda Livanning “Hizbulloh” harakati ham Isroil hududiga hujum boshlagani xabar qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Vashington javob tariqasida Erondagi nishonlarga 29 ta “Tomahawk” qanotli raketasini uchirgan. Isroil hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbalarda ishtirok etmayotganini bildirgan, biroq Bayrutga kuchli javob zarbasi berishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashib bormoqda. Bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishdagi to‘qnashuvlar Eron va uning ittifoqchilari ishtirokidagi keng ko‘lamli qarama-qarshilik xavfini oshirmoqda.
Mazkur vaziyat AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati uchun jiddiy sinov bo‘lib, mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirmoqda. Ayni paytda xalqaro hamjamiyat mojaroning yanada kengayib ketishidan xavotir bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Markaziy qo‘mondonligi Prezident Donald Tramp ko‘rsatmasiga binoan Erondagi bir nechta nishonlarga qarshi “o‘zini himoya qilish maqsadida qo‘shimcha zarbalar” berila boshlanganini ma’lum qilgandi. Harbiylar bayonotida ushbu hujumlar Eronning “asossiz va davom etayotgan tajovuzi”ga javob ekani ta’kidlangan.
AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset Markaziy qo‘mondonlik shu kecha faol harakat olib borishini aytgan.
Live
Barchasi