Eron-Afg‘oniston chegarasida to‘qnashuv bo‘ldi. Qurbonlar bor

Olam

image

Eron va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara posti yaqinida otishma sodir bo‘ldi. Oqibatda ikki eronlik chegarachi va bir “Tolibon” jangchisi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Bir necha kishi ham jarohatlangan hodisaga nima sabab bo‘lgani hozircha aniq emas, biroq bu ikki davlat o‘rtasida suv huquqlari bo‘yicha keskinlik fonida sodir bo‘lgan.

Tehron Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumatini Hilmand daryosidan Eronning qurib qolgan sharqiy hududlariga suv oqimini cheklab, 1973 yilda tuzilgan shartnomani buzganlikda ayblagan, “Tolibon” bu ayblovni rad etgan.

“Bugun Nimroz viloyatida Eron chegara kuchlari Afg‘onistonga qarata o‘t ochdi, bu esa qarshi javob bilan kutib olindi. Hozir vaziyat nazorat ostida. Islom Amirligi o‘z qo‘shnilari bilan jang qilishni istamayapti”, degan “Tolibon” Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Nafi Takor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har ikki tomondan bir kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi yaralangan. Biroq Eronning rasmiy IRNA axborot agentligi ikki nafar eronlik chegarachi halok bo‘lgani va yana ikki Eron fuqarosi yaralanganini yozgan. To‘qnashuvdan so‘ng Eron hukumati yirik savdo o‘tish joyi bo‘lgan “Milak – Zaranj” chegara postini yopib qo‘ygan.

Eron politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Qosim Rizoiy “Tolibon” kuchlari xalqaro qonunlar va yaxshi qo‘shnichilikka rioya qilmasdan, “Sasoli” nazorat-o‘tkazish punktini o‘qqa tuta boshlaganini, shundan so‘ng  qat’iy javob qaytarilganini aytgan.

O‘z o‘rnida, “Tolibon” Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Inayatulloh Xovarazmiy Nimroz viloyatidagi Kong tumanining chegara hududlarida Eron askarlari tomonidan otishma boshlanganini da’vo qilgan.

"Afg‘oniston Islom Amirligi har qanday muammo uchun muloqot va muzokaralarni oqilona yo‘l deb biladi. Urush va salbiy harakatlar uchun bahona topish tomonlardan hech birining manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi", degan “Tolibon” vakili.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Eron chegara Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing