Eron Hormuzdagi tijorat kemalariga zarba berdi
Olam
−
09:46 2569 2 daqiqa
Eron bugun, 7 iyulga o‘tar kechasi Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan kamida 2 ta tijorat kemasiga raketa uchirdi. Bu haqda “Axios” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, raketa zarbalari oqibatida 2 ta kema jiddiy shikastlangan, biroq hodisada qurbonlar va jabrlanganlar bo‘lmagan.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniyaning Dengiz savdo operatsiyalari markazi Ummonning Limah hududidan sharqda harakatlanayotgan tanker noma’lum snaryad zarbasiga uchraganini ma’lum qilgan. Zarba kemaning chap tomoniga tekkan va yong‘in kelib chiqqan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisada hech kim jabrlanmagan va atrof-muhitga zarar yetmagan.
Ushbu voqea dunyo neftining qariyb 20 foizi tashiladigan Hormuz bo‘g‘ozida kemalar harakati xavfsizligiga oid xavotirlarni yanada kuchaytirgan. Qayd etilishicha, AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan keyin boshlangan mojaro davomida, xavfsiz qatnov bo‘yicha vaqtinchalik kelishuv mavjud bo‘lishiga qaramay, tijorat kemalariga hujumlar davom etmoqda.
Nashrning ma’lumotiga ko‘ra, hujumga uchragan kemalardan biri Qatarning Nakilat kompaniyasiga tegishli, suyultirilgan tabiiy gaz tashuvchi Al Rekayyat tankeri bo‘lishi mumkin. Kemaning dvigatel bo‘limi yaqinida yong‘in chiqqan, biroq barcha ekipaj a’zolari omon qolgan.
Mutaxassislarga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat neft bozori uchun muhim ahamiyatga ega. Investorlar AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar hamda Fors ko‘rfazidan neft eksportining keyingi taqdirini diqqat bilan kuzatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika harbiylari Singapur bayrog‘i ostida Hormuz bo‘g‘ozi orqali suzib ketayotgan savdo kemasiga Tehron tomonidan uyushtirilgan hujumga javoban Eronga zarbalar bergan edi.
Live
Barchasi