Eron Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq yopib qo‘ydi

Olam

image

AQSH Qurolli kuchlari kecha, 10 iyun kuni kechqurun Erondagi nishonlarga qarshi hujumlarni qayta boshladi. O‘z navbatida, Eron ham Hormuz bo‘g‘ozini yana qaytadan yopib qo‘ydi. Bu haqda mavjud manbalarga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.

AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, ushbu zarbalar Eronning “asossiz va davom etayotgan tajovuzi”ga javob sifatida amalga oshirilgan.

Qo‘mondonlik ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya AQSH sharqiy sohili vaqti bilan soat 17:15 da boshlangan. Bundan biroz avval AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi yangi hujumlar bo‘lishini ma’lum qilgan edi. AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset esa mazkur zarbalarning maqsadi urushni kengaytirish emas, balki kelishuvga erishish uchun sharoit yaratish ekanini aytgan.

Eronning IRNA axborot agentligi Minab va Sirik shaharlari hududida portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi. “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan Bandar Abbos shahri yaqinidagi aeroport va harbiy baza atrofida, shuningdek, port shahri Gorgonda ham portlash ovozlari eshitilgan.

Yangi zarbalarga javob sifatida Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi mamlakatlari hamda Iordaniyadagi AQSH harbiy bazalariga, jumladan, ballistik raketalar orqali hujum qilgan. Quvayt armiyasi havo hujumidan mudofaa kuchlari jangovar holatga keltirilganini ma’lum qildi. Bahraynda esa yana havo hujumi xavfi sirenalari yangragan.

Shuningdek, Eron harbiylari Hormuz bo‘g‘ozining to‘liq yopilganini e’lon qildi. Harbiy qo‘mondonlik bayonotiga ko‘ra, bo‘g‘ozdan o‘tishga urinadigan har qanday kema hujumga uchraydi. Bu qaror AQSH zarbalaridan keyin xavfsizlik vaziyati o‘zgargani bilan izohlangan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Eron davlat telekanali harbiylar ikki kemaga o‘t ochganini ma’lum qildi.

Biroq AQSH Hormuz bo‘g‘ozining to‘liq yopilgani haqidagi ma’lumotni rad etgan. AQSH qo‘mondonligiga ko‘ra, savdo kemalari hozir ham Hormuz bo‘g‘oziga kirib-chiqishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Quvayt, Iordaniya va Bahraynda joylashgan AQSH harbiy bazalariga raketa zarbalari bergandi. Shu bilan bir vaqtda Livanning “Hizbulloh” harakati ham Isroil hududiga hujum boshlagani xabar qilinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Hormuz bo'g'ozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing