Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochmayapti
Olam
−
11 aprel 3558 2 daqiqa
Eron haligacha Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ocha olmayapti, chunki u yerga o‘rnatilgan barcha dengiz minalarini aniqlay olmayapti va ularni tezkor zararsizlantirish imkoniyatiga ega emas. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Nashrning Amerika rasmiylariga tayanib yozilishicha, bu holat AQSH va Eron delegatsiyalari o‘rtasida Islomobodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarni ham qiyinlashtirishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan oyda Eron AQSH va Isroil bilan mojaro boshlanganidan so‘ng strategik bo‘g‘ozni kichik kemalar orqali minalashtirgan. Minalar, dron va raketa hujumlari tahdidi bilan birga, neft tankerlari va boshqa kemalar harakatini deyarli to‘xtatib qo‘ygan, bu esa energiya narxlarining keskin oshishiga va Eronga ham harbiy, ham diplomatik bosim vositasini bergan.
Shu bilan birga, Tehron to‘lov qilishga rozi bo‘lgan kemalar uchun o‘tishni qisman ochiq qoldirgan. Eron hukumati tomonidan minalar xavfi haqida ogohlantirishlar tarqatilgan, ommaviy axborot vositalari esa xavfsiz yo‘nalishlar xaritalarini e’lon qilgan.
Biroq amerikalik manbalarning ta’kidlashicha, bu yo‘nalishlar ishonchli emas, chunki minalashtirish tartibsiz amalga oshirilgan. Eron barcha minalar joylashuvini qayd etmagan bo‘lishi mumkin, ayrimlari esa suvda suzib yuradigan qilib o‘rnatilgan.
Nashrning qayd etishicha, dengiz minalarini zararsizlantirish ularni o‘rnatishga nisbatan ancha murakkab. AQSHda ham kuchli minalarni tozalash imkoniyatlari cheklangan bo‘lib, asosan maxsus trallarga ega kemalarga tayanadi. Eronning o‘zi ham o‘z minalarini tezda yo‘q qilish imkoniyatiga ega emas.
Eslatib o‘tamiz, Eron delegatsiyasi AQSH bilan muzokaralarda ishtirok etish uchun kecha, 10 aprel kuni kechqurun Islomobodga yetib borgandi. Delegatsiyaga Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi hamda parlament spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibof boshchilik qilmoqda.
Live
Barchasi